Shavkat Mirziyoyevning prezidentlikka kelishi ortidan qo'shnilar bilan aloqalardagi o'zgarishlar by davlatlarda yashayotgan o'zbeklar hayotida ham bilinmoqda. Ayniqsa Mirziyoyevning ota-bobolari yashagan Tojikistonda ham o'zbeklar umidga to'la.
Islom Karimov davrida O'zbekistonga nisbatan shakllangan keskin ziddiyat Tojikistondagi o'zbeklarni, ularning milliy-madaniy faoliyatlariga doir vaziyatni chetlab o'tmagan edi. Faollar o'rtadagi rasmiy munosabatlar iliqlashishi barobarida ta'lim, maorif va madaniy aloqalarda ham ijobiy siljishlar bo'lishiga umid qilishadi.
Tojikistonliklar Mirziyoyevning hokimiyatga kelganini olqishlagan. Bunga prezident darhol qo'shnilar bilan aloqalarni iliqlashtirishga kirishgani, shuningdek, Mirziyoyevning kelib chiqishi Tojikistonga bog'liqligi ham sabab bo'lgan.
Yana bir muhim omil - ikki davlat o'rtasida ziddiyat cho'qqisi bo'lgan Rog'un to'g'oni masalasiga ham O'zbekiston ko'z yuma boshladi. Karimov o'limidan ko'p o'tmay Emomali Rahmon shaxsan Rog'un qurilishini tantanali ravishda boshlab berdi. Bu Mirziyoyevni qo'shni davlatlar nazarida Karimovdan farqli ravishda ancha umidli, murosali rahbar sifatida namoyon etmoqda.
“Amerika Ovozi”ning Tojikistondagi muxbiri Ravshan Shamsga ko'ra, davlatlar o'rtasidagi uzoq yillik siyosiy ziddiyat xalqlarning o'zaro yaqinligiga ta'sir o'tkazmagan. BuniKarimovning o'limi nafaqat O'zbekiston, balki Tojikistonni ham larzaga solgani misolida kuzatish mumkin edi.
“Karimovning o'limi Tojikistonda ham kuchli qayg'u bilan kutib olindi. Hatto tojiklarimiz nega Karimovga bu qadar qayg'urayapmiz deb savol qo'yishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda motam bizning davlatimizda bo'lmayapti-ku, hozir millati peshvomiz [Rahmon] vafot etsa, Karimovga qayg'urgandek qayg'uramizmi, deb o'zlarining hayratlarini ham ko'rsatishdi. Bu rasmiy aloqalar o'ta ziddiyatli bo'lib kelganiga qaramasdan, baribir O'zbekiston rahbarining ta'siri kuchli ekanligidan dalolat beradi. Hatto oradan yarim yil o'tib ham odamlar Karimov haqida hamon iliq gapirib kelishadi”, - deydi Shams.
Tojikistonliklarning Karimovga tutgan motamlari xuddi O'zbekistonda bo'lgani singari, Mirziyoyevning prezidenlikka kelishidan ko'p o'tmay umidlarga almashdi. Tojik matbuoti uning kelib chiqishi Tojikistondan ekaniga diqqat qaratgan. Mirziyoyevning ota-bobolari yashagan Tojikiston shimolidagi Yaxtan qishlog'ini mamlakat bo'ylab mashhurlashgan, hatto ayrim tadqiqotlarga ham sabab bo'ldi.
“Odamlar ko'chalarda yurib, mana bizning odamimiz prezident bo'ldi, deb quvonchlarini yashirmadi. Haqiqatan Shavkat Mirziyoyevning ayrim qarindoshlari hozir ham Tojikistonda yashashadi, biz bu qishloqqa borib ham ko'rdik. Shuning uchundir Tojikistondagi o'zbeklarda umid katta, va ayrim holatlarda bu umidlar oqlandi ham. Chegaradan o'tib-qaytish biroz osonlashdi, qattiq tartib bekor qilindi, chegarachilarning odamlarga munosabati o'zgardi. Bu o'zgarishlar tojik matbuotini ham chetlab o'tgani yo'q. Avval mustaqil matbuotda O'zbekiston haqida salbiy maqolalar juda ko'p edi, hozir ham bor, lekin avvalgidek emas. Nazarimda, tojik rasmiylari nodavlat matbuotga O'zbekiston haqidagi salbiy materiallarni biroz kamaytiringlar degan bo'lishi ehtimol. Tojikiston matbuotida Mirziyoyevning kelib chiqishiga doir tadqiqotlar ham o'tkazildi, munozaralar qilindi, unga nisbatan munosabat juda ijobiy”, - deydi Ravshan Shams.
Toshkent va Dushanbe aloqalarining izga tushayotgani Rog'un munosabati bilan Tojikistonda deyarli mafkuraga aylantirilgan ziddiyatni to'laligicha bartaraf etgani yo'q. Aloqalar iliqlashayotgani hokimiyatning quyi pog'onasi, jamoatchilik darajasidagi munosabatlarda sezilayotgani yo'q. O'zbek tilidagi maktablar, madaniy markazlar faoliyatidagi erkinlik hamon muammoligicha qolmoqda.
“Baribir o'rtada hamon sovuqchilik saqlanib qolayotganini ko'rsatuvchi sabablar bor, ayniqsa ta'lim sohasida. Masalan, aholisi deyarli 80 foizga yaqini o'zbek bo'lgan tumanlarda ham o'zbek tilidagi maktablar muammosi mavjud. Yoki ishxona, korxonalarda jamoaga qaramasdan davlat tilida gapirish majburiyati, aks holda ishdan bo'shashi mumkinligi haqidagi tahdidlar. Shukur Burxonov nomidagi respublikdagi yagona o'zbek teatrini olaylik. Jamoa 100 foiz o'zbeklardan iborat, lekin hammasi tojik tilida bo'lishi kerak. Televideniyeda o'zbek tilidagi ko'rsatuvlar deyarli yo'q, o'zbekcha qo'shiq aytayotgan mahalliy san'atkorlar televideniyega chiqarilmaydi”, - deydi Shams.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent uchun tashqi siyosatdagi eng ustuvor masala mintaqaviy munosabatlarni rivojlantirish ekani haqida bayonot bergan. Prezident sifatidagi dastlabki rasmiy safarini ham Turkmaniston va Qozog'istondan boshladi.
Facebook Forum