Afg'onistonda hukumatga qarshi kurashayotgan Tolibon o'lkaning shimoliy viloyatlaridagi yirik markazlarda yana faollashgan. Qunduz shahridagi janglar qo'shni Tojikistonni xavotirga solib, chegara xavfsizligini ta'minlash uchun qo'shimcha choralar ko'rilmoqda. Respublikada harbiy bazaga ega Rossiya o'z qo'shinini bu hududga safarbar etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Tojik jurnalisti, mahalliy ekspert Jo’ra Yusufiyning aytishicha, vaziyat tahlikali ko’rinsa-da, chegara to’liq nazorat ostida.
"Toliblarning chegaradan o’tish ehtimoli haqida fikr yuritayotgan rus tahlilchilarining fikrlarida jon bor. Bu Tojikistongagina emas, butun Markaziy Osiyoga tahdid soladi. Shunday ekan, chegaradagi vaziyat buzilishidan nafaqat ular, balki, Rossiya va Xitoy ham manfaatdor emas. Hamma birgalikda albatta bu xatarning oldini olishga harakat qiladi. Tojikiston yolg’iz qolmaydi, vaziyat tegishli kuchlar tomonidan qattiq nazorat qilinmoqda. Geosiyosiy manfaatlardan farqli ravishda, umumiy xatar mintaqa respublikalarini mushtarak harakat qilishga undaydi", - deydi Jo’ra Yusufiy.
Tojikiston janubiy chegaralaridagi vaziyatdan yaxshi xabardor bo’lgan tahlilchi Anatoliy Hayimshoyev nazarida, garchi Tolibon Amudaryo qirg’oqlariga chiqib olsa ham, undan nariga o’tishni rejalamaydi, u gaplarda manfaatdor doiralarning harakati seziladi.
"Mening fikrimcha, Tolibon chegaradan o’tmaydi, negaki, ular chegara ortida qanchalar qattiq zarbaga ushrashlarini yaxshi bilishadi. Bu aniq, ular ham ahmoq odamlar emas-ki, nimaga ro’baro’ bo’layotganini tushunishmasa",- deydi Hayimshoyev.
Tojikistondan tashqaridagi muxolif yoshlar harakati raisi Izzat Omon chegaradagi vaziyat mamlakat hayotiga bevosita ta’sir etishini aytar ekan, Tolibon ichida vatandoshlari borligini ta’kidlab, ularning miqdorini 2000 atrofida deb chamalaydi.
"Afg’onistonning Tojikistonga chegaradosh Qunduz viloyatidagi jangarilar safida 1,5-2 mingga yaqin vatandoshlarimiz bor. Ularning chegaraga hamla qilish ehtimoli ham bor. Biz bundan tashvishdamiz. Faqat tojik chegarachilarining o’zi ularning hujumlarini daf etishlariga kuchi etmaydi, bunda albatta rus harbiylari ko’mak beradi", - deydi Izzat.
Moskvadagi analitik doiralarga yaqin bir mahalliy sharqshunosning aytishicha, chegarada may oyidayoq yuzaga kelgan vaziyatdan so’ng Tojikiston va Rossiya rahbarlarining kelishuviga muvofiq rus harbiy bazasi ancha mustahkamlangan. Afg’on hukumati bilan manfaatli muloqotlar bo’lgan, har ikki tomondan zarur harakatlar ta’minlanishiga kelishilgan.
"Albatta sentabr oyi boshida o’tgan voqealardan so’ng hozir Tojikistonning o’zida vaziyat u qadar yaxshi deb bo’lmaydi. Xatar bahor oyidagidan ham kuchli. Chunki, norozilar o’zimizda ham bisyor, ammo Moskva hozir nazoratni qo’lga olgan, orada manfaatdor Xitoy ham bor, jangarilar Panj daryosidan nariga o’tolmaydi", - deydi tojik sharqshunosi.
Anatoliy Hayismshoyev Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasi yangi aslahalar bilan jihozlanganini aytib, buning bejiz emasligini ta’kidlaydi. U rus harbiy bazasining mintaqa xavfsizligi uchun kafolat ekanligiga ishonadi.
"Lekin kengroq fikr yuritsak, shunday bo’lib chiqadiki, bu yerda yirik kuchlarning geosiyosiy harakatlariga guvoh bo’lamiz. Negaki, Afg’onistondagi Tolibon jangarilari markazlashgan harbiy xarakterga ega emas. Ular orasida tarqoqlik bor. Katta iqtisodiy va insoniy resurslarga ega territoriya nazoratlarida bo’lsada, yaxlit boshqaruv yo’q. Ma’lum bo’ladiki, ular shimolga katta yurish qila olmaydilar, faqat lokal janglar uyushtirishlari mumkin. Bu ham bo’lsa ularning talofati bilan tugaydi. Lekin uning sadosi butun Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy Uyg’uristonidan qaytadi, manfaat ana shunda bo’lishi mumkin", - deydi Hayimshoyev.
Ekspertlarga ko’ra hozir Tojikistonning Afg’’oniston bilan chegara hududlari kun sayin yangi kuch va texnika bilan to’ldirilmoqda.