Tojikistonda arab alifbosiga o'tish kerak degan takliflar yangramoqda

Dushanbedagi markaziy masjid

Sovet Ittifoqi qulaganidan buyon Markaziy Osiyoda ziyolilar o’rtasida kiril yozuvini lotincha yoki arabcha yozuvga o’zgartish borasida munozara tinmayapti.

Tojikistonda arab imlosini joriy etish kerak deb bong urayotganlar ko'p. Ammo Maorif vaziri Nuriddin Saidov yaqinda bergan bayonotida bunday o’zgartirishga hali erta deb ta’kidlagan.




Ayni paytda tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan sobiq o’qituvchi Barchinoy Hoshimova ba’zi tojik ziyolilarining mamlakatda mustaqillikdan so’ng arab imlosiga o’tish haqidagi chiqishlarini yoqlamaydi.

"Mamlakatda o’qituvchilar etishmaydi. 4 ming muallim yetishmaydi deyishadi. Arab alifbosi deb eski zamonga qaytib arava yetaklamoqchimi ular? Xalq qiynalib qoladi",- deydi u.

Amerika va Yevropa davlatlarida o’qib kelgan tojik yigiti Faridun Tojikiston arab imlosini yoq’lasa-da, kiril alifbosi хам saqlanib qolgani ma’qul deydi.

"Bizning davlatimiz islomiy bo’lmasada, xalq islomda, Quron o’qish ko’payadi",- deydi deydi u.

“Maktabga yangi boruvchi yoshlar uchun menimcha yaxshi, lekin kirilni umuman yo’q qilmaslik kerak, har ikkisi bo’lsa durust”.

Rus oilasida ulg’aygan ziyoli Rita Zokirova Tojikistonda arab imlosiga o’tish shart emas deb hisoblarkan, bunga biror-bir muhtojlikni ko’rmaydi. Uning fikricha, arab imlosiga o’tish bilan yoshlar orasida katta qiyinchilik tug’iladi.

“Bu qiyin, ayniqsa yoshlar uchun, bu ishni oqibatini o’ylashsinlar axir”,- deydi u.

Faridunning aytishicha, Rossiyaga bog’lanib qolgan Tojikiston uchun, mahalliy ziyolilar buni istasalar-da arab imlosiga o’tish katta zarar keltiradi. U kelajakda Rossiyaga mehnat muhojirligiga borayotgan yoshlar oldida katta muammo tug’iladi deydi.

“Hozir bizni Rossiyada masxaralashayotgan bo’lishsa, keyin biznikilar u yerga borsa hech narsani o’qiy olmaydilar, juda azob bo’ladi. Juda katta moliyaviy ko’mak Rossiyadan keladi xalq uchun. Umuman Markaziy Osiyo, MDH hududlarida kiril yo’qolmasligi kerak”.

Bolalar til bilmaslik ortidan shunday ham Rossiyada qiynalmoqda. Bunday bo’lsa yoshlar u yerda ishlay olmaydi, tirikchilik o’tmaydi deydi Faridun.

Uning fikricha, arab davlatlari va Eron tojikistonlik mehnat muhojirlarini ish bilan ta’minlasa durust.

"Ammo ularning o’zlari Amerikaga qarab ketishmoqda. Bunday harakat bizga ancha iqtisodiy zarar keltiradi", - deydi tojik yigiti.

Mahalliy rus jurnalisti Lenura Mustafaeva mamlakatdagi yoshi katta 5 million odamni qayta o’qitish fizik jihatdan imkonsiz deb hisoblaydi. Uning fikricha, bir qism tojik ziyolilari damba-dam ko’tarib kelayotgan bu mavzuga qarshi chiquvchilar nafaqat ziyolilar orasidan balki, siyosatchilar sirasidan ham albatta bo’ladi. Hozir bu masalani qonunlashtirib bo’lmaydi.

“Yaqin 10-15 yil orasida bunaqa bo’lmaydi, xalqning o’zi bunga tayyor emas. Birinchi o’rinda hukumatning o’zi, hokimiyat ham tayyor emas”.

Sobiq o’qituvchi Barchinoyning fikricha, arab emas, lotin imlosiga o’tish maqsadga muvofiq bo’ladi, ingliz tilini o’zlashtirish ham osonroq kechadi.

“Bu hammasi ertak, safsata, afsona, bo’lmaydigan ish! Bu yerda bo’ladigan ish qolib, hammasi bo’lmaydigan ishga yopishadi”.

Lekin ayrim ziyolilar biz albatta bobolarimiz imlosiga qaytishimiz zarur, tarixiy xatoni to’g’rilashimiz kerak, mustaqil davlat o’z alifbosiga ega bo’lishi shart deb kelishmoqda.