Tojikiston: Maxsus operatsiyada to'rt isyonchi yo'q qilingan

  • Amerika Ovozi

Dushanbe, Tojikiston

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, maxsus operatsiyada to'rt isyonchi yo'q qilingan.

"Hukumat kuchlari Romit vodiysida terrorchilarni nishonga oldi", deyiladi bayonotda. Vodiy poytaxt Dushanbedan 50 kilometr narida joylashgan.

Mudofaa vazirining sobiq o'rinbosari, general-mayor Abdulxalim Nazarzoda va uning armiyadan qochgan tarafdorlari juma kuni poytaxt Dushanbe va uning atrofida militsiyaga hujum qilib, to'qqiz nafarini o'ldirgan.

Otishmada 13 isyonchi ham o'lgan, 40 nafari hibsga olingan.

Nazarzoda bir necha kun burun ishdan olingan edi. Sabablari ma'lum emas. General "Islom uyg'onish partiyasi" vakili sifatida hukumatga kiritilgan edi.

Partiya faoliyati yaqinda taqiqlangan, uning raisi Muhiddin Kabiriy esa xorijga qochgan. Uning aytishicha, mahalliy matbuotda partiyaga qarshi maqolalar ko'paygan.