Tojikistonda prezident saylovlari oldidan muxolifat jonlangan

Kuzatuvchilar fikricha, bu galgi saylovlar oldingilaridan tubdan farq qilishi mumkin. Muxolifat jonlangan, ham mamlakatda, ham chetda.

Noyabr oyida prezident saylovlari rejalanar ekan, Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha yordamchisi Robert Bleyk yaqinda Tojikistonga safari chog’ida Emomali Rahmonni jarayonni oshkora va demokratik tarzda o’tkazishga chaqirgan. Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, bu galgi bahs oldingilaridan tubdan farq qilishi mumkin. Ammo xalqaro ekspertlar nazarida o'zgarish bo'lishi gumon.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojikistonda prezidentlik saylovi, Ravshan Shams


Yurtni 20 yildan buyon boshqarayotgan Rahmondan norozilar ko’p. Hukumatga sodiq doiralar esa rahbarlik uchun loyiqroq nomzod yo’q deb hisoblaydi.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasining Sug’d viloyat bo’limi raisi Hoji Naimjonning aytishicha, prezidentlik uchun respublikada va chetda munosib nomzodlar bor, ammo mavjud qonunlar ularning saylovda ishtirok etishiga yo’l qo’ymaydi.

“Bizning maqsadimiz ham, taklifimiz ham shuki, avval, qonun o’zgarishi kerak. Masalan, qonunning bir sharti shuki, prezidentllikka nomzod keyingi 10 yil ichida Tojikistonda yashagan bo’lishi shart. Ba’zi birodarlarimiz, singillarimiz borki, ular 10-15 yildan beri xorijda. Ular Tojikiston fuqarolari, nima uchun qatnasha olmaydi? Ular, ehtimol, xorijda yurib dunyoqarashi va tajribasi oshgan. Agar qonun o’zgarmagan taqdirda ham nomzodlar topiladi”, - deydi Naimjon.

Yosh huquqshunos Vali Shodmon Rahmonning G’arb bilan olib borayotgan muvaffaqiyatli siyosati uning yetuk siyosatdon ekanidan dalolat berishini aytadi. Prezidentlik kursisida uning o’zi qolgani ma’qul, deydi u.

Sobiq o’qituvchi, hozirda mehnat muhojiri O’ktambekning fikricha, yetuk siyosatdon bo’lsa-da, Rahmon 20 yil hukmronlik qilgani yetadi.

Tojikistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat haqida maqolalar yozib kelayotgan mustaqil jurnalist Xayrullo Mirsaidov so'zlariga ko'ra, keyingi bir yilda mamlakat tashqarisida muxollif kuchlar faollashgan va bu, albatta, oldindagi saylov bilan bog’liq.

“Shubhasiz, bu saylov oldingilaridan tubdan farq qiladi. Sababi oddiy, juda ko’p faol muxolifatchilar Rahmonga qarshi chiqmoqda. Nafaqat mamlakatdagi kuchlar haqida, balki chet ellarda qolayotgan shaxslar ham borligini nazarda tutish lozim. Shuningdek, Rossiya bilan aloqalar sovuqlashganini ham nazardan qochirmaslik kerak. Bu shuni anglatadiki, Rossiya Rahmonga alternativ demokrat nomzodni qo’llashi mumkin”, - deydi u.

Xayrulloning aytishicha, hozir respublikaning o’zida yirik sarmoyadorlar ham yangi nomzod izlashayotgani haqida so’zlar bor. Shuningdek, qo’shni O’zbekiston Rossiya bilan birga Rahmonga muxolif nomzodni qo’llab-quvvatlashi mumkin degan qarashlar bor.

“Sobiq bosh vazir Abdumalik Abdullajonov va Umarali Quvvatovning hibsga olinishi, jurnalist Dadajon Atovulloyevga uyushtirilgan suiqasd, xalq siyosiy faolligiga turtki beruvchi nodavlat tashkilotlariga hukumatning qat’iy qarshi harakatlari saylov oldi intrigalari bo’lishi mumkin”, - deydi Xayrullo.

Ayrim kuzatuvchilar Tojikistonni keyingi bir yilda katta siyosiy o’zgarishlar kutayotgani va bu prezidentlik sayloviga bog’liq ekanini aytmoqda.