Tojikistonda 25 kishi qamoqdan qochgan, besh soqchi o'ldirilgan

  • Amerika Ovozi

Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo'mitasining bayon qilishicha, yakshanbadan dushanbaga o'tar kechasi Dushanbedagi hibsxonadan 25 mahbus qochib ketishga muvaffaq bo'lgan. Ular besh qo'riqchini o'ldirgan.

Bu insonlar, deyiladi bayonotda, O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolaridir va ular orasida Rossiya hamda Afg'oniston fuqarolari bor.

Mahbuslar avvaliga bir soqchini, oradan uch soat o'tib esa yana to'rt nafarini o'ldirgan. Harbiy kiyimlarini kiyib, qurol-aslaha bilan chiqib ketgan.

Tojikiston hukumati ularni tutish uchun Rossiya va Afg'onistondan yordam so'ramoqda. Prezident Imomali Rahmon Ichki ishlar vazirligiga maxsus guruh tuzib, operatsiya boshlashni buyurgan.

Rasmiylar qochganlarning ism-sharifi va tarixi haqida ma'lumot bermay, ular "nihoyatda xavfli jinoyatchilar" deb ta'riflash bilan cheklanmoqda. Bu mahbuslarning o'tgan yili terrorizm va qoradori savdosida ayblanib qo'lga olingani ma'lum.

Shuningdek, ular hukumatni ag'darishga uringanlikda ham gumon qilinadi. Ba'zi manbalarga ko'ra, ular o'tgan hafta Tojikiston Oliy Sudi tomonidan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan 46 kishi orasida bo'lgan.

Qochganlardan biri, G'arb matbiotining yoritishicha, Abdurasul Mirzoyev, prezident xavfsizlik xizmati sobiq rahbarining ukasi bo'lishi mumkin.

Ular orasida ehtimol Birlashgan Tojik Muxolifatiga sodiq odamlar ham bor. Bu 1990-yillardagi fuqarolik urushida kurashgan jangari guruhlarda biri.

O'tgan yili yozda davlat xavfsizlik kuchlari bu harakatga qarshi hujumlar olib borgan va bir necha shaxs panjara ortiga tashlangan edi. Guruh qo'mondoni Mirzo Ziyoyev o'shanda taslim bo'lgani, maxfiy operatsiyada yordamlashgani va keyinroq o'zini o'ldirgani aytiladi. Hukumat nazarida Birlashgan Tojik Muxolifati tuzumni o'zgartirish ahdidan qaytmagan.

Imomali Rahmonni yakkahokimlik va zulmda ayblaydigan tomonlar fikricha esa uning hukumati muxolifatdan qutulish uchun har bir tanqidchiga terrorist tamg'asini bosmoqda.