Tolibon yillik bahorgi hujumlarini boshlaganini e'lon qildi. Mavsumiy amaliyotga "Umar operatsiyasi" deb nom berilgan.
Jurnalistlarga yuborilgan bayonotda "dushman obyektlariga ulkan hujumlar uyushtirish, xudkushlik va taktik hujum usullaridan foydalanish hamda shaharlarda dushman qo'mondonlarini o'ldirish rejalangan"i tilga olinadi.
Tolibonning aytishicha, amaliyotga guruhning vafot etgan rahbari Mulla Umarning nomi berilgan.
"Bahor kelishi bilan jihodiy ahdu paymonimiz va amaliyotlarimizni qayta yangilash fursati ham keldi", - deyiladi bayonotda.
2015-yil Toibon hujumlarida keskin o'sish kuzatildi. Guruh 12 oy davomida 6000 ga yaqin askar va politsiyachini o'ldirgan va 14 ming kishini yaralagan. Shuningdek, o'tgan yili isyonchilar 2001-yil hokimiyatdan ag'darilganlaridan beri eng ko'p hududni nazoratlariga oldi.
AQSh yetakchiligidagi koalitsiya 2014-yil Afg'onistondagi harbiy amaliyotlarini yakunlagan edi. Shunga qaramay, asosan, amerikaliklardan iborat 13 ming xorijlik harbiy mamlakatda qoldi. Ular, asosan, mahalliy kuchlarni tayyorgarlikdan o'tkazish ishlariga yordam beradi.
Afg'oniston yetakchilari qurbonlar va hujumlar sonining oshganini xorijlik kuchlarning mamlakatdan chiqib ketgani bilan bog'laydi. Ayni paytda ular Tolibondan egallangan hududlarni qaytarib olish va ularning ortiq olg'a siljishiga yo'l qo'ymaslik ahdida qat'iy ekanliklarini ta'kidlamoqda.
Tinchlik muloqoti to'xtab qoldi
AQSh, Xitoy va Pokiston Afg'oniston bilan birgalikda Tolibonni muzokara stoliga olib kelishga urinmoqda. Ammo shu paytgacha erishilgan kelishuv va rejalardan biror naf chiqqani yo'q. Tolibon bu jarayonda qatnashmasligini e'lon qilgan.
Aksincha, xorijiy kuchlar butunlay mamlakatni tark etmaguncha, guruh qonli xurujlarini davom ettirishini aytgan.
Kobul Pokistonni ayblashda davom etmoqda
Afg'on yetakchilarining aytishicha, Pokiston tinchlik muloqotini boshlashda tashabbus ko'rsatayotganiga qaramay, o'z hududidagi Tolibon yetakchilariga qarshi biror chora ko'rmayapti. Islomobod esa bu ayblovni inkor qiladi.
Tolibon qo'mondonlari xurujlarni rejalashda va boshqarishda Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh hududlaridan, xususan, Baluchiston viloyatidan foydalanishi aytiladi. Afg'oniston razvedka idorasi rahbari yaqinda mamlakat parlamentida turib Tolibon ortida Pokiston harbiy josuslik agentligi turganini aytdi.
So'nggi paytlarda isyonchi guruh Baluchistonga tutash Afg'onistonning Hilmand viloyatida mavqeini mustahkamlamoqda. Mamlakatning eng ko'p ko'knor yetishtiriladigan viloyatida 14 tumanning beshtasi hozir Tolibon qo'liga o'tgani aytilmoqda. Boshqa tumanlarni egallash bo'yicha kurash davom etmoqda.