Afg'on armiyasi: Toliblarni NATO yordamisiz Qunduzdan haydayapmiz

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat. Qunduz viloyati, Afg'oniston

Afg'oniston rasmiylarining bildirishicha, shimoldagi Qunduz viloyatida qariyb bir haftalik harbiy kampaniya natijasida 200 dan ziyod tolib va xorijiy jangarilar yo'q qilingan, 12 askar jon bergan. Amaliyot NATO ishtirokisiz o'tgan, deydi mutasaddilar.

Qunduzda yuzlab toliblar harbiy postlarga hujum qilganidan so'ng o'tgan juma qurolli kuchlar ularga qarshi amaliyot boshladi. Hududga minglab askar va politsiya kuchlari safarbar etildi.

Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Davlat Vaziriyning aytishicha, Tolibonning qo'lidan viloyatda birorta rayonni qo'lga kiritish kelmaydi. Unga ko'ra, afg'on kuchlari jangarilardan boy berilgan hududlarni tortib olyapti, toliblar qochmoqda. Rasmiy qo'shinlarning NATO askarlari yoki samolyotlarisiz toliblarga qarshi muvaffaqiyatli jang qilganini alohida ta'kidladi.

"Agar Qunduz yoki boshqa joylarda NATOdan yordam kerak bo'lsa, ikki tomonlama bitimga ko'ra madad so'rashimiz mumkin. Afg'on kuchlari vaziyatni mustaqil ravishda nazorat eta oladi, shu sabab yordam so'ramadik", - deydi Vaziriy.

NATO so'zlovchisi general Uilson Shofnerning aytishicha, alyans afg'on hukumatini qo'llab-quvvatlashda davom etadi. Mahalliy qo'shinlarning Qunduzda Tolibonga qarshi jangini ko'rdik, ulardan endi ko'nglimiz to'q, deydi Shofner.

“Armiyada kuchli va malakali qo'mondonlar bor. Ular bunday vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini yaxshi biladi, rejasi bor. Qunduz hukumat nazoratida. Tolibon aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotgani, tinch fuqarolar hayotini nazarga ilmayotgani haqidagi xabarlardan tashvishdamiz”, - deydi NATO vakili.

Afg'on rasmiylariga ko'ra, Tolibon safida o'zbeklar, tojiklar va chechenlar ham jang qilmoqda.

Biroq harakat so'zlovchisi Zabihulla Mujohidning aytishicha, jangarilar afg'on hukumati da'vo qilayotganidek ko'p odam yo'qotmagan.

"Talafotlarimiz 15 jangaridan ko'p emas, janglar davom etmoqda, o'tgan hafta qo'lga olgan hududlarning katta qismini hali ham nazorat qilyapmiz", - deydi u.

Mujohid jangarilar aholidan jonli qalqon sifatida foydalanayotganini inkor etib, qalin o'rmonlar, tog'li joylar hujumlarimizda yordam beryapti, deydi. Tolibon vakili jangarilar safida xorijliklar borligi haqidagi da'volarni sharhlamadi.

Bahor kelishi bilan yo'llar ochilib, odatda Tolibon hujumlari kuchayadi. So'nggi bir necha yilda afg'on xavfsizlik kuchlariga ularga qarshi jang qilishda NATO yordam berib kelgan edi. Biroq o'tgan yil oxiriga borib AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning katta qismi mamlakatni tark etib, mahalliy kuchlarga amaliy yordam to'xtagan.

Hozir Afg'onistonda 12 ming atrofida xalqaro qo'shinlar qolgan, aksariyati amerikalik. Ular 2016-yil oxiriga borib mamlakatdan ketadi. Ungacha esa afg'on zobitlarini tayyorlab, ularga maslahat beradi.