Amerika maktablarida muallimlar yetishmayapti. Ayniqsa qishloq joylariga borib, kam ish haqiga mehnat qiladigan o’qituvchilarni topish qiyin.
Muammoni hal etish uchun qator tashkilotlar maxsus dasturlar bilan chiqqan. Ular yosh mutaxassislarni dars berishga jalb etish bilan shug'ullanadi.
Natasha Alford sarmoya kompaniyasidagi serdaromad ishini tashlab, muallim bo’lishga, ziyo ulashishga qaror qilgan.
Biroq bu kasbni tanlaganlar treyningdan o’tsagina ishga topshirishi mumkin. Natasha “Amerikani o’qiting” (Teach for America) nomli nohukumat tashkilotiga murojaat qildi.
"Kurslarni tamomlab, dars berayotgan pedagoglar bilan gaplashdim. Ikki-uch yil ichida ular bolalarni xat-savodli qila olgan. Tirishqoq, bilimga chanqoq bo’lishga o’rgatgan. O’qituvchilik diplomim bo’lmasa ham zarur malakani qo’lga kiritish mumkin ekan. To’g’ri yo’lni tanlaganimga ishonaman", - deydi Natasha.
U poytaxtdagi maktablardan birida ingliz tili va adabiyotdan dars beradi. Boshqaruvi mustaqil, moliya esa hukumatdan. “Amerikani o’qiting” programmasi bugungacha to’qqiz mingga yaqin muallimlarni yetishtirib berdi.
Tashkilot so’zlovchisi Natali Lukaytisning aytishicha, kam ta’minlangan oilalarda bolalar o’qishda ham qiynaladi.
"Ishini puxta biladigan mutaxassislarga ehtiyoj bor ekan, tayyorlab beramiz. Imkoniyatlar hamma uchun bir bo’lsin",- deydi Lukaytis xonim.
Alford o’quvchilari bilan ko’proq yozish va o’qishni mashq qilishi kerak. Mashg’ulot paytida video va musiqadan foydalanadi.
Bolalarga qiziqroq bo’lsin deb ularga imo-ishorani ham o’rgatgan.
"Yuz-ko’z, qo’l harakatlari, turli ohanglar menga ularni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Mavzuni o’zlashtirishganini shunga qarab bilaman",- deydi Natasha.
Amerikada qora tanlilar orasida ta’lim olishga ishtiyoq kam. Natasha Alford nufuzli Garvard Universitetini a’lo baholarda bitirgan.
"Baland cho’qqini zabt etish uchun odamda o’ziga ishonch bo’lishi kerak. Agar shuni o’rgata olsam, maktabni tamomlagandan keyin ham ishlari joyida bo’ladi",- deydi u.
Kimya Dokeri, Natashaning o'quvchisi, bu gaplardan ta’sirlandi.
"Ertaga kim bo’lishimiz o’zimizga bog’liq. O’qishga kirmoqchiman. Bu ushalmas orzu emasligini bilaman",- deydi u.
Natasha muallimlikni tanlaganidan mamnun.
"Ishim juda yoqadi o’zimga. Ta’lim sohasida faoliyatimni davom ettirmoqchiman. “Amerikani o’qiting” programmasi oldimda ko’p eshiklarni ochdi",- deydi u.
Alford qatnashayotgan programma kelasi yili nihoyasiga yetadi. Lekin u pedagog diplomini qo’lga kiritish uchun yana o’qishga kirdi.