Texasda yana bir odamda Ebola virusi aniqlandi

  • Amerika Ovozi

O'tayotgan haftada AQShning Texas shtati kasalxonasida bir bemor Ebola virusidan vafot etgan edi. Unga qaragan hamshira ham virusni yuqtirgani aniqlandi.

Sog'liqni saqlash mutasaddilariga ko'ra, kasalxona xodimi hozir alohida xonada saqlanib, tekshiruvlar o'tkazilmoqda. Uning ism-sharifi oshkor etilmayapti. Shunisi ma'lumki, Ebola bilan kasallangan bemorni davolayotganda u virusdan himoyalovchi maxsus kiyimda bo'lgan.

Infeksiya tarqalishining oldini olish uchun hamshira bilan ishlagan yoki muloqotda bo'lgan boshqa odamlarning sog'ligi ham kuzatuv ostida. Virus tarqalishiga hozirlik ko'rganmiz, deydi Texas rasmiylari.

Shu kunlarda Amerika aeroportlarida Afrikadan uchib kelgan yo'lovchilarni tekshirish yo'lga qo'yilmoqda. Liberiya, Sierra Leone va Gvineya - mana shu uch davlatda Eboladan minglab odam halok bo'lgan.

Nyuark, Vashington, Chikago va Atlanta aeroportlarida yo'lovchilar samolyotdan tushgan zahoti ularning harorati o'lchanadi. Britaniya ham o'xshash choralar ko'rishni boshlagan.