AQSh mutasaddilarining aytishicha, mamlakatda Ebola epidemiyasi xavfi yo'q. Ammo uning dunyo bo'ylab tarqalishiga yo'l qo'ymaslik uchun muammoga Afrikaning o'zida yechim topish juda muhim.
Texas shtatining Dallas shahrida liberiyalik muhojir Tomas Erik Dankan bugun vafot etgan. U AQShda Ebola virusini yuqtirgani rasman tasdiqlangan yagona shaxs. 42 yoshli Dankan yaqinda Afrikadan uchib kelgan.
AQShning yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazlari favqulodda vaziyatlar uchun shay holatga keltirilgan.
"Amerikaliklarning xavfsizligini ta'minlash oliy vazifamiz", - deydi markaz rahbari Tom Fridman.
Uning aytishicha, vahima qilishga hojat yo'q.
"AQShda epidemiya tarqalmasligini ishonch bilan ayta olaman. Uning mavjud asoratlariga chek qo'yamiz. Kasallik alomatlariga ega odamlarni aniqlab, davolash uchun markazlarimiz tayyor", - deydi u.
Muhimi, Ebolani kelib chiqqan joyida yo'q qilish kerak, deydi mutaxassis.
"G'arbiy Afrikaning uch mamlakatida epidemiya qancha uzoq cho'zilsa, Afrikaning boshqa mamlakatlariga tarqalish xavfi ham shuncha oshadi. Afrikada uni nazorat ostiga olmagunimizcha, xavfni bartaraf eta olmasligimizni tushunishimiz kerak", - deydi Tom Fridman.
AQSh Ebolaga qarshi kurash uchun G'arbiy Afrikaga harbiylar va mutaxassislarni jo'natgan. Virus shu paytgacha kamidda 3879 odamni hayotdan olib ketdi, asosan Gvineya, Liberiya va Siyerra Leoneda.
Amerikadagi ayrim afrikalik muhojirlar agar Ebola haqidagi vahimalar ko'payishda davom etsa, jamiyatda ularga nisbatan ayirmachilik boshlanishi mumkin, deya xavotirda.
"Qora tanli yoki afrikalik bo'lish senda Ebola virusi bor degani emas", - deydi bu muhojirlardan biri.
Ebola virusi xastalangan odamning qon yoki boshqa tana suyuqliklari orqali yuqadi. Xastalik simptomlari yuzaga chiqishi uchun ikki kundan 21 kungacha vaqt ketishi mumkin.