“Latinolar” Amerikada eng tez ko'payayotgan guruh, ayniqsa Texasda

“Latinolar” Amerikada eng tez ko'payayotgan guruh, ayniqsa Texasda

AQShda o’tgan yili to’plangan ma’lumotlardan shu narsa ayonki, mamlakatda lotin amerikaliklar ko’payib bormoqda. Texas bu borada birinchi o’rinda. Aholining o’sish sur’ati bo’yicha ham bu shtat hammadan oldinda.

Xyuston shahrida latino tadbirkorlar manfaatlarini himoya qiluvchi savdo palatasi faoliyat yuritadi. A’zolari soni so’nggi to’rt yilda 600 foizga ko’paygan.

Guruh rahbari Laura Muriyoning aytishicha, Xyuston aholisi nisbatan yosh, biznes qilish uchun qulay imkoniyatlar bor.

“Ilgari asosan Los-Anjeles yoki Mayamida ish qilgan homiylar hozir Xyustonga kelmoqda, chunki ular bu yerda imkoniyatlar serob. Iqtisodiy o’sish kuchliroq”, - deydi u.

“Latinolar” Amerikada eng tez ko'payayotgan guruh, ayniqsa Texasda

Xyustondagi ko’p kompaniyalar ispan tilida so’zlashuvchi mahalliy aholini ishga yollab, Lotin Amerikasi bilan biznesni kengaytirmoqda. Fransisko Grados hisobchi, u ishlayotgan firma xodimlarining 30 foizi latinolar.

“Lotin Amerikasi, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda mijozlarimiz bor. Ular ingliz tilida so’zlasha olgani bilan ona tili, ispan tilida gaplashganga nima yetsin”, - deydi Grados.

Texasning Rays Universitetida sotsiolog Stiv Murdokning aytishicha, shtat kelajagi tobora ko’payib borayotgan latinolar qo’lida.

“Texasda latinolarning o’sish sur’ati 65 foiz atrofida”, - deydi u.

“Latinolar” Amerikada eng tez ko'payayotgan guruh, ayniqsa Texasda

Har 10 yilda bir o’tkazilgan so’rov natijasiga ko’ra, latino bo’lmagan oq tanlilar latinolarga qaraganda ancha sekin sur’atda o’smoqda. Ularni bu yerda anglolar deb atashadi.

Stiv Murdokning aytishicha, oq tanlilar shtatning ayrim hududlarida ko’pchilik. Boshqa shtatlarda latinolar soni muhojirlar hisobiga ko’paysa, deydi Murdok, Texasda mahalliy latinolar o’zidan ko’paymoqda.

“Aksariyati immigrant emas, bir necha avlodi shu yerda yashagan. Tarixan ispan tilida so’zlashuvchi texasliklar ingliz zabon aholidan ko’p bo’lgan”.

Muammo shundaki, deydi sotsiolog, latinolar ta’lim saviyasi past bo’lib, anglolarga qaraganda kam pul ishlaydi.

“Yoshi o’rtacha 25-29 atrofida. Maktabdan nariga o’tmagan. Yiliga 35 ming dollar pul topadi. 10 yil burunga qiyoslaganda daromadi yana uch ming dollarga kamaygan”, - deydi mutaxassis.

Shtatning iqtisodiy kelajagi yoshlar qo’lida.

“Latinolar” Amerikada eng tez ko'payayotgan guruh, ayniqsa Texasda

“Ular ko’pchilik va yuzlashayotgan muammolarini hal qilish zarur. Boshqa shtatlar keksayayotgan bir paytda ustunlik biz tomonda bo’ladi”, - deydi Murdok.

Xyuston Latino savdo palatasi rahbari Laura Muriyoning aytishicha, ta’lim birinchi o’ringa chiqishi lozim.

“Biz nafaqat Xyuston, balki butun Texas shtati iqtisodiyotini tebratish salohiyatiga egamiz. Buning uchun latino jamoalarni, yoshlarni o’qimishli qilish kerak”.

Ammo shtat 20 milliard dollarlik byudjet kamomadi bilan yuzlashib turganda, ta’lim dasturlari, aksincha, qisqartirilmoqda.

Mishel Xichings bank sohasida mutaxassis. Ota-onasining “bilim olsang hayotda bir narsaga erishasan” degan so’zlari hamon yodida.

“Ta’limga pulni kesish katta xato, ayniqsa eng muhim hisoblangan boshlang’ich ta’lim uchun”, - deydi u.

Savdo palatasi rahbari Muriyo fikricha, latinolar kelajakda shtat iqtisodiyotida muhim rol o’ynashi aniq. “Texas boshqa shtatlarga chindanam o’rnak bo’la oladi”, - deydi u.

Hayotda muvaffaqiyatga erishib, o’z o’rnini topgan latino siyosatchilar va tadbirkorlardan yoshlarni tarbiyalashda, ulardan liderlarni tayyorlashda o’rnak sifatida foydalanish zarur, deb hisoblaydi u.