So’nggi oylarda neft ikki baravar arzonlagani sabab AQShning ayrim shtatlarida, jumladan Texasda ishlab chiqarish sekinlashdi. Texas - energiyaga boy mintaqalardan. Neft sanoati minglab odamni ish bilan, bizneslarni muntazam daromad bilan ta’minlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Texas janubidagi bir paytlar jimjit bo’lgan mana bu qishloqda hayot qaynaydi. Eagle Ford deya atalmish tekislikda qazib olinayotgan neft sharofati bilan Kenedi shahrida ishlar besh, restoranlar gavjum.
Panna Maria mahallasiga 19-asrda Polshadan kelgan immigrantlar asos solgan. Mark Mika bu yerda neft kompaniyalariga qazishga ruxsat berib, o’ziga uy qurib oldi.
“Menga o’xshagan yer egalari juda mamnun. Bu rayonda millionerlar juda ko’p”, - deydi u.
Biroq neft arzonlashishi ketidan yangi loyihalar ham kamayib ketdi. Helen Hernandez Karnes tumanida ruxsatnomalar uchun mas’ul.
“Neft quduqlari qancha bo’lishi oldindan bashorat qilinadi. Hozir oldingi raqamning yarmi”, - deydi u.
Travis Jeksonning ishi neft qazish.
“Benzin arzonligidan hamma xursand, jumladan otam ham. Lekin bizdek ishchilar nima qilsin? Ish bo’lmasa pul yo’q”.
Ayrim kompaniyalar ishchilari sonini qisqartira boshlagan. Xarajati kamroq, kichikroq firmalarning esa ishi joyida.
Ronald Tomas neft tashiydi.
“Bizning kompaniya har qachongidan ham band. Ishli ekanimdan xursandman”, - deydi haydovchi.
Omar Garsiya “Janubiy Texas energetikasi va iqtisodiy kengash” nomli tashkilotni boshqaradi. Texasdagi neft sanoati manfaatlarini himoya qiladi.
“Kompaniyalar bu hududga milliardlab dollar sarmoya kiritgan. Burg’ilash ishlari davom etadi, ish o’rinlari hamisha bo’ladi bu yerda. Lekin ishlar ko’lami, albatta, neft narxiga bog’liq”, - deydi u.
Garsiya deydiki, Eagle Ford tekisligida qazish ishlari boshlanganiga ko’p bo’lgani yo’q, bunday krizis bu hududga notanish.
“Texasdagi boshqa shaharlar bilan solishtirganda, Eagle Ford aholisi neft shu darajada arzonlashishini hech ko’rmagan”.
Qora oltin zaxiralari topilishidan oldin janubiy Texasdagi bu hududlar 20 yil o’sish ko’rmagan. O’tgan yili neft sanoatidan 87 milliard dollar daromad tushdi, 150 ming odam ishli bo’ldi. Mutaxassislarga ko’ra, neft narxi shu yilning yoziga borib ko’tariladi. Bizneslar ham shuni kutmoqda.