Breaking News

Neft arzonlashishi uzoq davom etmaydi, deydi ekspertlar


OPEK - Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti.
OPEK - Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti.

So’nggi oylarda jahon bozorida neft arzonlashib ketdi. Natijada ko’pgina mamlakatlarda iqtisodiy o’sish kuzatilmoqda, ammo davlat va xususiy neft kompaniyalarining daromadlari kamaygan. Ekspertlar fikricha, narxlarning pasayishi uzoq davom etmaydi.

Jahon bozorida qora oltin narxi pasayganining asosiy sabablaridan biri AQShda fraking texnologiyasi yordamida katta miqdorda neft qazib olinayotganidir.

Energetika masalalari bo’yicha ekspert Jim Kreyn deydiki, slanetsdan neft olish sharofati bilan AQShda neftning yangi manbalari paydo bo’ldi. Amerikaga mahsulotini sotib kelgan mamlakatlar endi o’ziga yangi bozor topishi kerak.

Xitoy va Yevropada iqtisodiy o’sish sur’atlari pasaygani ham talabni kamaytirgan.

Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti, OPEK, narxlarni oshirish uchun odatda ishlab chiqarish hajmini kamaytiradi. Biroq hozirda ular o’z ulushini himoya qilish payida, deydi mutaxassis.

“Narxlar hozirgi darajada qolaversa, ayrim ishlab chiqaruvchilar bozorni tark etadi. Shuni kutib turishibdi”, - deydi Jim Kreyn.

Bundan Amerikadagi kichik kompaniyalar ham zarar ko’radi.

“Deylik, neft sanoatiga sarmoya olib kirishni mo’ljallab turgan kichik kompaniya egasi bo’lsangiz, mahsulotning har barreli 75 dollarga tushgan bir mahalda rejangizni o’zgartirishga majbur bo’lasiz,” - deydi Kreyn.

Oddiy odamlar uchun neft narxining pasayishi xushxabar – axir benzin arzonlashgan. Ammo minglab odamlarni ish bilan ta’minlaydigan yirik neft kompaniyalari uchun shuning aksi. Daromad tushib ketgan.

“Texas shtatini oladigan bo’lsak, bu yerda har oy o’tgan yilga qaraganda 4,5 million barrel ko’proq neft qazib olinyapti. Biroq daromad baribir oyiga bir milliard dollarga kam”, - deydi xyustonlik iqtisodchi Patrik Yankovski.

Milliardlab dollar kapital g’amlab qo’ygan korporatsiyalar hozirgi davrdan o’tib oladi, lekin kichik shirkatlarga qiyin.

“Kamomadni qoplash uchun ayrim kompaniyalar o’z mulkini sotishga majbur bo’ladi”, - deydi Yankovski.

Uning fikricha, arzon neft – bu vaqtinchalik holat. 2016-yilga borib, kechi bilan 2017-yilgacha qazib olinayotgan neft hajmi kamayadi. Narxlar yana ko’tariladi.

Neft sanoatidagi hozirgi ahvol kompaniyalarni tashvishlantirsa-da, aksariyati bu o’zgarishlardan omon chiqishi aniq, deydi Yankovski.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG