AQSh Davlat kotibi Ramazon oyi munosabati bilan Davlat departamentida maxsus tadbir o’tkazish taklifini rad etdi. So’nggi 20 yil davomida deyarli barcha davlat kotiblari musulmonlar ro’za tutadigan oyni nishonlab iftor yoki hayit tadbiri o’tkazishni an’anaga aylantirgan.
1999-yildan beri har ikki respublikachi va demokrat davlat kotiblari Ramazon oyida musulmonlar uchun iftor dasturxoni yozadi yoki hayit kechasi o’tkazadi. Ammo bu yil ushbu an’ana buziladigan bo’ldi.
Davlat kotibi Reks Tillerson vazirlikning Din va global masalalar bo’limi tomonidan hayit kechasi tashkil etish taklifini rad qilgan. Bu haqda o’z ismini oshkor qilishni istamagan ikki rasmiy matbuotga ma’lum qildi.
Nega tadbir o’tkazish taklifi bekor qilingani haqida “Reyters” axborot agentligi izoh so’rab murojaat qilganda, Davlat departamenti so’zlovchisi bayramni boshqa yo’llar bilan nishonlash imkoniyati hanuz mavjudligini aytdi.
“Iyd al-Fitrni nishonlashning boshqa yo’llarini ko’rib chiqyapmiz. AQSh elchixonalari Ramazonni turli tadbirlar orqali nishonlashga targ’ib etiladi. Har yili dunyo bo’ylab diplomatik missiyalarda bu ishlar qilinadi”, - dedi rasmiy.
Faollar Prezident Tramp ma’muriyatini islom va musulmonlarga nisbatan nodo’stona munosabatda bo’lib kelayotganlikda ayblaydi. Tramp saylov kampaniyasi paytida musulmonlar haqida bir qator salbiy fikrlari bilan tanilgan edi. Shu bois Davlat departamentining Ramazon munosabati bilan hech qanday tadbir o’tkazmaslikka qaror qilgani ko’plab faollarda norozilik uyg’otmoqda.
Ayni paytda ma’muriyat islomga emas, islomchi jangarilarga qarshi kurashayotganini aytadi. O’tgan oy Donald Trampning Saudiya Arabistoniga borgani va u yerda sunniy dunyosi yetakchilari bilan ko’rishgani Tramp ma’muriyatining musulmonlar bilan do’stona aloqada ekanini ko’rsatadi, deydi Oq uy rasmiylari.
Davlat departamentining Ramazon tadbirida, odatda, Kongress a’zolari, musulmon fuqarolik jamiyati vakillari va yetakchilari, musulmon davlatlardan diplomatlar qatnashadi. Tadbir AQSh hukumatining islom o’lkalari bilan yaqinligi ramzi sifatida ko’rib kelingan.
Agar Tillerson bu yilgi tadbirni bekor qilsa, bu musulmon dunyosiga salbiy ishorat bo’ladi, deydi sobiq AQSh diplomati Fara Pandit.
Pandit Bush va Obama ma’muriyati davrida Oq uyda hamda Davlat departaentida Ramazon tadbirlarini tashkil etishda qatnashgan.
Maxsus tadbir o’tkazilmasa ham, Tillerson Ramazon boshlanishi munosabati bilan tabrik bildirishni esdan chiqarmadi. U Ramazonni “xayr-saxovat va tafakkur qilish oyi” deb atadi.
“Eng muhimi, oila va do’stlar birga vaqt o’tkazish hamda ehtiyojmandlarga saxovat qilish payti”, - dedi Tillerson.