AQShda koronavirus pandemiyasi paytida joriy etilgan favqulodda tibbiy qoidaning amal qilish muddati o’z nihoyasiga yetdi. 42-qoida deb ataluvchi hujjat xalq salomatligi yo’lida migratsiyani cheklashda muhim qurol bo’lib xizmat qilgan, AQShga Meksika orqali o’tmoqchi bo’lgan minglab odamlarni deportatsiya qilishga huquqiy imkon bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
Migratsiya qalqoni bekor bo’lishi bilan Amerikaning janubiy chegaralarida ko’p ming migrantlar to’planmoqda. AQSh hukumatining yangi immigratsiya choralari va cheklovlari joriy etilarkan, siyosiy boshpana olishga umid qilayotgan migrantlarning taqdiri mavhum.
Yangi qoidaga ko’ra, siyosiy boshpana olish uchun chegaradan o’tgan migrantlar mamlakatdan haydalib, boshpana olish huquqidan mahrum bo’ladi.
“Qoidani buzganlarga qarshi qattiq choralar ko’riladi, besh yilgacha mamlakatga kirishi man qilinadi, jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin”, - dedi AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.
Bayden Kongressni faol bo’lishga chaqirmoqda.
"Kongressdan qo’shimcha chegarachilarni yollash uchun pul so’radim. Ammo pul ajratishmadi”, - deydi u.
Respublikachilar Oq uy ma’muriyati siyosatini tanqid qilmoqda.
“Baydenning chegara siyosati milliy xavfsizlikni xavf ostiga qo'yadi va barcha amerikalik oilalarni noqonuniy muhojirlar tomonidan sodir etiladigan terror hujumlari xavfiga duchor qiladi”, - deydi kongressmen Jo Uilson.
Boshqalar aksincha Bayden siyosatini haddan ziyod qattiq deb biladi.
“Yangi qoida xavfsizlik izlab kelgan odamlar hayotini qiyin ahvolga solib, janubiy chegarada yanada kattaroq tartibsizlik va azob-uqubatga sabab bo’ladi. Yangi qoida Tramp paytida siyosiy boshpanaga qo’yilgan ikkita taqiqni birlashtiradi. Baydenning o’zi saylov kampaniyasi paytida ularni tanqid qilgan edi. Har ikki taqiq federal sud tomonidan noqonuniy deb topilgan edi”, - deydi Jinsiy va qochqinlar masalalarini o’rganuvchi markazdan Melissa Krou.
Bu o’rtada Meksikada kutib o’tirgan migrantlar nima qilishni bilmay sarson. Texaslik advokat Pristsila O’rta har hafta chegaradan o’tib, migrantlarga jarayonni tushuntiradi.
“AQSh Chegara va bojxona xizmatining ilovasida ro’yxatga turmasdan chegaradan o’tishga harakat qilsangiz, siyosiy boshpana olish huquqidan mahrum bo’lasiz”, - deydi u.
Ilova siyosiy boshpana olish uchun suhbatga yozilishga imkon beradi. Har kuni mingga yaqin odam shu tariqa navbatga yozilmoqda.