Breaking News

AQSh, Kolumbiya va Panama Darien-Gep orqali migratsiyani to’xtatmoqchi


AQSh, Panama va Kolumbiya muhojirlar oqimi ko’paygan Darien-Gep marshtrutida noqonuniy migratsiyani to’xtatishga qaratilgan 60 kunlik kampaniya boshladi.

Darien-Gep – bu Janubiy va Shimoliy Amerikani bog’lovchi, 100 kilometr uzunlikdagi o’rmonlardan iborat tog’li va botqoqli hudud.

2023-yilning dastlabki uch oyida qariyb 90 ming odam mana shu o’rmonzorni kesib o’tgan. Qo’shma bayonotda hukumatlar oqimni qanday to’xtatishi haqida batafsil ma’lumot yo’q.

Uch tomonlama kelishuv AQSh chegarasidagi pandemiya bilan bog’liq cheklovlar 11-may kuni tugatilishi kutilayotgan bir paytda e’lon qilindi. Boshpana so’rab keladiganlarni to’xtatuvchi qaror muhlati tugar ekan, migrantlar oqimi yana boshqarib bo’lmas darajada kuchayadi degan xavotir bor.

Bayonotda mamlakatlar “noqonuniy migratsiyaga muqobil ravishda o’n minglab muhojirlar va qochqinlar uchun qonuniy, moslashuvchan yo’llardan” foydalanishi tilga olingan.

Rejaning uchinchi elementi – bu Kolumbiya va Panama chegarasidagi qishloqlarda qashshoqlikni kamaytirish, ish o’rinlarini ko’paytirish uchun investitisiyalar.

“Inson hayotiga xavf tug’dirmaslik, transmilliy jinoiy tashkilotlarga barham berish va tropik o’rmonlarni muhofaza qilish bo’yicha umumiy manfaatimiz va mas’uliyatimizni tan olgan holda, Panama, Kolumbiya va AQSh hukumatlari Dariendagi jiddiy gumanitar vaziyatni hal qilish uchun ikki oylik muvofiqlashtirilgan kampaniya o’tkazadi”, - deyiladi hujjatda.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas Panama va Kolumbiya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashgan.

Panamaning bildirishicha, joriy yilning dastlabki uch oyida Darien-Gepni 87 ming migrant kesib o’tgan, asosan Venesuela, Gaiti va Ekvador fuqarolari. Bu o’tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda qariyb 14 mingga ko’proq.

2022-yilda Darien-Gep marshrutidan foydalanganlar rekord ko’rsatkich, 250 mingni tashkil etgan, shundan 60 foizi venesuelaliklar.

Bayden ma’muriyati chegaraga boshpana so’rab kelgan venesuelaliklarning arizasini rad etish uchun so’nggi bir necha yildan beri “Title 42” deb nomlanuvchi qonundan foydalanib kelmoqda. Bu qonun koronavirus keng tarqalgan paytda joriy etilgan va hali ham amalda.

Ammo AQSh hukumatining bildirishicha, oldindan ariza topshirgan va ma’qullangan 24 minggacha venesuelalik aeroportlar orqali mamlakatga kirib kelishi mumkin. Bu dasturga 2023-yilda Nikaragua, Gaiti va Kuba ham kiritildi.

“Title 42” muhlati may oyida tugar ekan, AQSh qit’alararo migratsiyani to’xtatish uchun e’tiborini Darien-Gep marshrutiga qaratmoqda.

Ushbu marshrut AQSh chegaralariga boradigan uzoq yo’lning eng xavfli qismi hisoblanadi. Huquq tashkilotlari olis o’rmonda jinsiy zo’ravonlik, talonchilik va qotilliklar ro’y berishini qayd etadi.

Qalin o’rmonzordan omon chiqqan migrantlarni Panama hukumati va nohukumat tashkilotlar sayohatlarini davom ettirishi uchun avtobusda Kosta-Rika chegarasiga yetkazadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG