Qo’shma Shtatlarda migrant bolalarning turli ishlarga noqonuniy yollanayotgani sezilarli darajada oshgani va “Nyu-York Tayms” gazetasining bu boradagi tekshiruvi ketidan, Bayden ma’muriyati ishchi guruh tuzib, bu muammoga qarshi keskinroq choralar ko’rmoqda.
Mehnat vazirligiga ko’ra, mamlakatda 2018-yildan buyon bolalar mehnatiga oid qonunlar buzilishi 70 foizga oshgan. 2022-yilda 835 ta kompaniya bu qonunlarni buzgani aniqlangan.
So’nggi yillarda AQSh-Meksika chegarasiga ota-onasiz kelayotgan migrant bolalar soni muntazam o’sib borayapti: 2020-yilda 33 239 ta, 2021-yilda 146 925 ta va 2022-yilda 152 057 ta. Ular asosan Markaziy Amerikadan.
“Hukumat bu bolalar ishini immigratsion sud ko’rib chiqqunga qadar ularni homiy qaramog’iga topshiradi. Ba’zi hollarda bu oila a’zosi yoki tanish bir oila bo’lishi mumkin. Jurnalistlarning aniqlashicha, bu bolalarning aksariyati ekspluatatsion mehnatga jalb qilinmoqda”, - deydi “Himoyaga muhtoj bolalar” tashkiloti vitse-prezidenti Jennifer Podkul.
“Nyu-York Tayms” nashri va “Reuters” axborot agentligi tekshiruviga ko’ra, 12 yoshgacha bo’lgan bolalar Amerika bo’ylab oziq-ovqatni qayta ishlash zavodlari, fermalar va qassobxonalarda xavfli sharoitlarda ishlatilmoqda. Ko’pchiligi hatto maktabga qatnamaydi.
“Mas’uliyat hammamizda. Bu 19-asrning muammosi emas, bugunning muammosi. Kongress va mahalliy hukumatlarning e’tibori zarur. Faqatgina hammamiz birgalikda chora ko’rsak, bu muammo yechimini topadi”, - deydi Mehnat vaziri Marti Uolsh.
Bayden ma’muriyati e’lon qilgan yangi choralar “barcha mavjud huquqni muhofaza qilish vositalari, jumladan, jarimalar, sud qarorlari, bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan tovarlar harakatini to’xtatish va jinoiy javobgarlikni” o’z ichiga oladi.
“Mehnat va sog’liqni saqlash vazirliklari bolalar ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish uchun yangi idoralararo ishchi guruhi yaratilayotganini ham e’lon qildi. Ular, shuningdek, bolalar mehnatiga oid qonunlarni buzgan ish beruvchilar bilan hamkorlik qilayotgan kompaniyalar ustidan nazoratni kuchaytiradi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Karin Jan-Pyer.
Chikago universiteti professori Chiara Galli deydiki, chegaraga kelgan qarovsiz bolalar ko’pincha kam ta’minlangan oilalardan bo’lib, vatandagi qarindoshlari ulardan moliyaviy yordam kutadi. Mana shu kabi omillar ekspluatatsiyaga zamin yaratishi mumkin.
Markaziy Amerika davlatlarida bolalar, deydi professor, ko’pincha ishlash uchun yoshligidan maktabni tashlab ketadi.
“Ular ko’p jabhalarda qiynaladi, jumladan maktabda, chunki vatanida ham maktabga bormagan, ishlab pul topgan”, - deydi Galli.
AQSh hukumati “Nyu-York Tayms” va “Reuters” tekshiruvlarida tilga olingan kompaniyalarni, jumladan, “Hearthside” oziq-ovqat shirkatini tekshirmoqda.
Ushbu shirkatning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, u Mehnat vazirligi bilan tergovda hamkorlik qiladi va zavodlaridan birida migrant bolalar ishga yollanganidan dahshatga tushgan.
AQShda bolalarni noqonuniy yollagan har qanday korxona har bir bola uchun 15 138 dollar jarima to’laydi. Ayrimlar fikricha bu juda oz.
Facebook Forum