Qo’shma Shtatlarga har yili minglab insonlar qul sifatida olib kelinadi. Ko’pi bar va restoranlar, ko’ngilochar maskanlarda ishlatiladi. Federal Qidiruv Byurosining ogohlantirishicha, hatto poytaxt Vashingtonda ham majburiy mehnatga jalb etilayotganlar ko’p.
Amerikaning deyarli har bir yirik shahrida zamonaviy qulchilikka guvoh bo’lasiz. Bu kundalik hol, deydi faollar.
Bradli Mayls “Polaris Loyihasi” degan nohukumat tashkilotining yetakchi xodimlaridan. Maqsad boy xonadonlarda va yirik restoranlarda qul qilib ishlatilayotgan insonlarni aniqlash va ularga yordam berish.
“Ayollar fohishalikka majburlanayotganini ko’rib turib, biror chora ko’rmay bo’ladimi? Bu holga o’zimiz guvohmiz. Biz bu ayollar bilan ishlaymiz”, - deydi Bradli Mayls.
Tashkilot maxsus telefon raqamiga ega. Butun mamlakatdan qo’ng’iroq qilib yordam so’rashadi.
“Telefon qilayotganlarning ko’pi Texas, Kaliforniya, Nyu-York, Florida singari katta shtatlardan, qolaversa, Vashington shahridan. Tinimsiz qo’ng’iroq qilishadi”.
Jamoatchilikni inson savdosi kabi qabih jinoyatlardan ogoh qilish kerak.
“Begunoh insonlarga tahdid” nomli nohukumat tashkilot rahbari Debra Sigmundning aytishicha, AQShga qul sifatida olib kelinayotganlarning ko’pi jinoyatchilar to’riga ilinadi.
“Bu odamlar Amerikadan yaxshi ish topaman deb qora niyatli to’dalarning va’dalariga laqqa tushadi”, - deydi u.
Massajxonalarning hammasi ham massajxona emas, ayrimlari aslida fohishaxonalar. Federal agent Tim Vitman bu borada ogohlantirar ekan, muammo loqaydlikda deya ta’kidlaydi.
“Fohishalarning aksariyati Meksikadan. 20 foizga yaqini shu qo’shni xalq vakillari”.
Vashingtondagi barlarda bu ishga majburlanayotganlar orasida amerikalik xotin-qizlar ham yo’q emas, ammo Janubiy Koreya, Xitoy va Lotin Amerikasidan kelgan muhojirlar ko’p ekani aniqlangan.
Mijozlar esa asosan badavlat kishilar, poytaxtda pul topadigan kasb-hunarli insonlar. Fohishaxonalar shu qadar ehtiyotkorlik bilan ishlaydiki, ularning mijozlarini ushlash mushkul.
“Yana bir muhim muammo shuki, muhojirlar bir-birining sirini oshkor etmaydi. Masalan kimdir Koreyadan aldab olin kelingan va hozir fohishalik qiladi. Taqdiri uning egasi qo’lida. Boshqa koreyslar buni biladi, lekin lom-mim demaydi”, - deydi rasmiylar.
O’tgan ikki yil ichida inson savdosiga qarshi kurash kuchayib, Amerika bo’ylab yuzlab odamlar qamoqqa olingan. 83 foiz hollarda jabrdiydalar fohishalik qilishga majburlangan. Qolganlar esa asosan fermer xo’jaliklarida ishlatilgan yoki xizmatkorlik qilgan.
Odamlar Amerikaga ezgu umidlar bilan keladi, lekin bu yerda homiylar ularni qo’rqitib, noqonuniy, xatarli yo’llarga boshlaydi.
“Muhojirlar AQShga kelaman deb ko’pincha qarz oladi, oilasining oldiga qo’li bo’m-bo’sh holda qaytishni istamaydi. Vatanda boshimni qanday qilib ko’tarib yuraman deb bu yerda har narsa qilishga tayyor. Xo’jayinlar esa hujjatini olib qo’yib, aytganimni qil, bo’lmasa politsiyaga beraman, olib ketadi deb qo’rqitadi” – deydi federal agent Tim Vitman.
Bunday murakkab vaziyatdan chiqish yo’llari bor, deydi faollar. Qullikka majburlanayotganlar “Polaris Loyihasi” kabi tashkilotlarga murojaat qilishi, yordam olishi mumkin.
Jabrdiydalarga davlat maxsus viza beradi va ular 4 yilgacha shu yerda qolishi mumkin. Til bilmaslik, qonun-tartibot idoralardan xavfsirash, o’zga jamiyatga ishonmaslik, begonasirash pand beradi.