Berlinda joylashgan "Transparency International" tashkilotining yangi hisobotiga ko'ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada har uch odamning bittasi o'tgan bir yil ichida davlat bepul taqdim etadigan xizmatni olish uchun pora bergan.
Shuningdek, to'qqiz davlatda 11 mingga yaqin odam, ya'ni so'rovda qatnashganlarning 60 foizdan ko'pi korrupsiya darajasi oshganini aytgan.
Tashkilotning Ammonda joylashgan filiali boshqaruvchisi Kinda Hattarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, "arab bahori"dan besh yil o'tib ham yangi hukumatlar bu borada biror o'zgarish qila olmagan.
Buning asosiy sabablaridan biri shuki, mintaqada noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan ma'lumot beruvchi fuqarolarni himoyalashning mustahkam qonuniy asoslari yaratilmagan, deydi tahlilchi.
Uning aytishicha, "Transparency International"ning asosiy tavsiyalaridan biri ham shu haqda, ya'ni korrupsiya holatlari haqida xabar bergan fuqarolar davlat himoyasiga olinishi kerak.
Tunisda poraxo'rlikka qarshi yangi qonunlar qabul qilingan. Boshqa davlatlar bu borada hali orqada. Falastin va Iordaniya kabi mamlakatlarda esa fuqarolik jamiyati guruhlarining korrupsiya qurbonlari bilan ishlashiga huquqiy to'siqlar mavjud.