Nyu-Meksikodan Montana shtatigacha cho’zilgan Rokki tog’ yonbag’irlarida 350 ming kishi xazina izlamoqda. Uni yillar oldin badavlat kolleksioner va tadbidkor Forest Fenn yashirgan. Xazinani topish uchun men yozgan she’rni o’qing, topishmoqni yeching, deydi u.
Sasha Jonston 5,5 yildan beri yashirin xazinani qidiradi. Aytishlaricha, millioner kollektor Forest Fenn uni Roki tog’lari atrofidagi katta bir hududda yashirgan.
“Hududni taxminan 300 marta aylanib chiqdim. Sanamay qo’yganman”, - deydi ayol.
Nyu-Meksiko shtati, Santa-Fe shahri yaqinidagi parklardan biridamiz. Agar rost bo’lsa, boylik bu yerdan Montagacha bo’lgan hududda ko’milgan. Jonston va boshqalarga aynan nima umid beradi?
“Tabiat qo’ynida bo’lish joni-dilim. Hech charchamayman, ruhingiz dam oladi. Shuning uchun bu yerlarga kelaman. Shuningdek, nazarimda Forest Fenn yozgan she’rni tushunib olgandayman”, - deydi Jonson.
Arxeolog Forest Fennga 1988-yilda saratonga chalingani haqida tashxis qo’yilgach, unda bir fikr paydo bo’ladi. Sandiqchani qimmatbaho toshlar bilan to’ldirib, she’r yozadi.
“Agar o’lsam, boshqalarga ham mendagi imkoniyatlarni berishni istagandim”, - deydi Fenn.
Ammo otaxon rakni yengdi. U 2010-yilda, AQSh iqtisodiy krizisni boshdan kechirayotgan bir paytda, javohirlar bilan to’ldirilgan sandiqchani borib ko’madi.
“Odamlarga umid bermoqchi bo’ldim. Izlasangiz, balki toparsiz”, - deydi u.
Xazinani yashirgan paytda Fenn 79 yoshda edi. Xavfli joyda yashirmaganman, deydi u.
Forest Fenning Santa-Fe shahridagi uyida u butun umr to’plagan san’at asarlarini ko’rasiz. U to’qqiz yoshidan boshlab Yelloustoun qo’riqxonasida sayyohlarga baliq ovlashni o’rgatgan. Hayoti sarguzashtlarga boy. 1968-yilda u Vyetnam urushida xizmat qilgan, uchuvchi bo’lgan. Yuzlab jangovar missiyalarda qatnashganman, bir necha bor o’limdan omon qolganman, deydi u.
“Besh-olti marta o’lim bilan yuzlashganman. Samolyotimga o’q tegib, parashyutda Laosda tushganman”, - deydi Fenn.
Kolleksiyasida o’sha samolyotning bir parchasi ham bor. Fenn o’zini tavakkal qilishdan qo’rqmaydigan inson deb biladi.
Zargar Mark Xovard Forest Fenni 25 yildan beri taniydi. U ham to’qqiz yildan beri tog’larda yashirilgan xazinani qidiradi.
“Ishim zargarlik. O’z zaxiram bo’lsa, har bir unsiya oltinga minglab dollar to’lamasdim”, - deydi zargar.
Bugun topilib qolishi yoki 100 yil, 500 yildan keyin ham topilishi mumkin.
Xazina haqiqatan bormi-yo’qmi, buni faqat Fenn biladi. Ayrimlar bu mish-mishdan boshqa narsa emas degan fikrda.
“Men suhbatlashgan bir necha odam sandiqni ko’milishidan oldin ko’rganini aytgan edi”, - deydi Xovard.
Xazina ovi Santa-Fe shahrida turizm rivojlanishiga turtki berdi.
“Santa-Fe mehmonxonalarida sayyohlar turishi ikkinchi yildirki olti foizga oshibdi nima uchunligini hech kim bilmaydi”, - deydi Forest Fenn.
Xazina ketidan quvib o’lganlar ham bor.
“Odamlar qayerga ketayotganini bilishi kerak. Tog’larni, ularning salobatini hurmat qilmasangiz, sizni ayab o’tirmaydi”, - deydi kollektor.
Xazinani birov topishiga umid bormi?
“Bugun topilib qolishi yoki 100 yil, 500 yildan keyin ham topilishi mumkin”, - deydi Fenn.
Jonston qidiruvni davom ettiradi.
“Forest Fenning xazinasi haqiqatmi-yo’qmi, boshqalarning fikri bilan ishim yo’q. Muhimi, men ishonaman. Har kuni hayajon va zavq bilan yo’lga chiqaman. Yashirin xazina yolg’on bo’lsa ham qidirishdan to’xtamayman”, - deydi Jonson.