AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Donald Tramp bahsli chiqishlari bilan doimo omma e’tiborida. Ammo so’nggi so’rovlar uning Hillari Klintondan ortda qolayotganini ko’rsatmoqda.
Florida shtatida so’zlagan milliarder o’z tarafdorlarini hammasi joyida deya ishontirishga urindi.
“Kampaniyamiz, partiyamiz har qachongidan mustahkam va birdam”, - deydi u.
“CNN” telekanali o’tkazgan so’rovda Tramp Klintondan 9 foiz, “NBC” so’rovida esa 8 foiz ortda qolmoqda. Pensilvaniya va Michigan singari hal qiluvchi shtatlarda Klinton oldinga chiqib oldi.
Bunga bir sabab, deydi kuzatuvchilar, milliarder nomzodning musulmon bir oila bilan so’z talashganidir. Hizr Xon demokratlar syezdida so’zga chiqib, Trampni tanqid qilgan edi. Uning o’g’li kapitan Humoyun Xon 2004-yilda Iroqda halok bo’lgan.
Tramp askar oilasiga g’azab bilan javob qaytargani uchun o’z partiyadoshlaridan dakki eshitdi.
“Vatan uchun jonini fido qilgan oilalar hurmatga loyiq”, - deydi senator Jon Makkeyn.
Donald Tramp bundan buyon butun e’tiborini Hillari Klintonga qaratishini aytmoqda.
Klintonga ko’ra esa, Trampning fe’l-atvori va dunyoqarashi uning prezidentlikka nomunosib ekanini yaqqol ko’rsatib turibdi.
Yangi televizion reklamalarda mashhur respublikachilar badavlat tadbirkorni xavfli deya tasvirlab, Klintonga yon bosayotgani ko’rsatilgan.