Breaking News

Klinton va Tramp Rossiya yuzasidan bahslashdi


Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp tarafdorlari orasida, 25-aprel, 2016-yil.
Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp tarafdorlari orasida, 25-aprel, 2016-yil.

Prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton respublikachi raqibi Donald Trampni Rossiyaning siyosiy maqsadlariga yon bosayotganlikda aybladi.

Ommaviy axborot vositalariga bergan interyularida har ikki tomon Rossiya va Prezident Vladimir Putin bilan qanday ishlash lozimligi haqida bahslashgan.

Sobiq davlat kotibi Klintonning aytishicha, Trampning so'nggi qarashlari milliy xavfsizlikka aloqador masalalarni qamrab olib, uning oliy bosh qo'mondonlikka noloyiq ekanini ko'rsatadi.

Unga ko'ra, demokratlar partiyasining elektron pochta serveriga "Rossiya razvedka xizmatlari buzib kirgan" va buni Tramp olqishlagan. "WikiLeaks" saytida chop etilgan xatlar partiya rasmiylarining ichki saylovlar davrida Sandersga qarshi Klintonni yoqlaganini fosh qilgan edi.

"WikiLeaks" sayti asoschisi Julian Assanj elektron maktublarni qayerdan olgani haqida ma'lumot berishdan bosh tortdi. AQSh hodisa ortida Rossiya turganini rasman e'lon qilmadi, ammo ekspertlar bu rus xakerlarining ishi ekanini aytmoqda.

O'g'irlangan 19 ming elektron maktub bir hafta oldin, demokratlar qurultoyi boshlanishidan oldin e'lon qilingan edi.

"Donald Tramp Putinni qo'llab-quvvatlashga tayyorligini ko'rsatdi", - dedi Klinton.

Tramp o'z navbatida Putin bilan hech qanday aloqaga ega emasligini, u bilan hech qachon uchrashmagani yoki telefon orqali ham gaplashmaganini aytdi. Lekin mamlakatimiz Rossiya bilan birga ishlay olsa, zo'r bo'lardi, dedi u.

Uning fikricha, Qrim Rossiya tarkibida bo'lgani ma'qul. Bunday qarash AQSh rasmiy nuqtai nazariga zid. Vashington Rossiyani Ukrainaga qarashli Qrimni noqonuniy egallab olganlikda ayblab, Kremlga qarshi bir qator iqtisodiy jazo choralarini joriy qilgan.

O'tgan hafta demokratlar anjumani davom etayotgan payt Tramp Rossiyani Klinton kompyuteriga buzib kirib, u o'chirib yuborgan 33 ming elektron maktubni topishga chaqirdi. Uning bu gaplari keskin bahs va noroziliklarga sabab bo'ldi.

Tanqidchilar fikricha, prezidentlik uchun nomzod xorijiy davlatdan mamlakat ichki ishlariga aralashishni so'ramoqda. Tramp keyinroq bu gaplarni kinoya sifatida aytganini ta'kidlab, o'zini oqlashga urindi.

Klinton davlat ishida shaxsiy serverdan foydalanishi xato bo'lganini tan olgan, lekin o'chirilgan xatlar o'zining shaxsiy maktublari bo'lganini aytgan. Federal qidiruv byurosi olib borgan tekshiruv xulosasiga ko'ra, sobiq davlat kotibi hukumatga aloqador maktublar bilan ishlashda "juda ehtiyotsiz" yo'l tutgan.

Lekin bu holat jinoiy ish qo'zg'ash darajasida jiddiy emas, degan edi bu haqda Kongressga hisobot bergan byuro rahbari Jeyms Komi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG