Tramp Erdog'anni referendum natijasi bilan tabrikladi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

AQSh Prezidenti Donald Tramp Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'anni "referendumdagi g'alabasi" bilan tabrikladi. 15-aprel kuni o'tgan referendumda ovoz beruvchilarning 51 foizi mamlakatning parlamentar tizimdan prezidentlik boshqaruviga o'tishni yoqladi.

Oq uy e'lon qilgan bayonotga ko'ra, ikki davlat rahbarlari telefon orqali gaplashgan. Suhbatda "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi kurash hamda Suriya Prezidenti Bashar Assadning kelgusi taqdiri haqida ham fikr almashilgan.

Muxolifat referendumni qayta o'tkazishga chaqirmoqda. Ko'plab xalqaro kuzatuvchilar ham ovoz berish jarayonining adolatli o'tganini savol ostiga olmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) kuzatuvchilarining aytishicha, "Yo'q" deb ovoz berishga chaqirgan guruhlar so'z erkinligi, matbuot orqali chiqish qilish kabi huquqlardan foydalanishda cheklovlarga uchragan. Shuningdek, Erdog'an kampaniya uchun davlat resurslaridan foydalangani aytilmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi YXHT bayonotini "qabul qilib bo'lmas" deb qoraladi va tashkilotni siyosiy tarafkashlikda aybladi.

Rasmiy muhrga ega bo'lmagan byulletenlar ishlatilgani ham noroziliklarga sabab bo'ldi.

Turkiyaning saylovlarga oid 2010-yilgi qonuniga ko'ra, ovoz berish qog'ozlari rasmiy muhrga ega bo'lishi kerak. Muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq Partiyasi (JXP) 1,5 milliontagacha muhrsiz byulleten ishlatilganini aytmoqda.

JXP endi referendumning qayta o'tkazilishini talab qilmoqda.

Bosh vazir Binali Yildirim muxolifat da'volarini rad etib, xalq gapirib bo'lgandan keyin gapirish ortiqcha ekanini aytdi.

Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari bo'lib o'tgan.

Oliy saylov kengashiga ko'ra, talab kuchli bo'lgani uchun muhrsiz qog'ozlar ishlatilishiga ruxsat berilgan. Bunday holat ilgari ham kuzatilgan, deyiladi kengash bayonotida.

Yevropa bahsli natijani to'g'ridan to'g'ri tanqid qilishdan tiyilib, Prezident Erdo'ganni mamlakatda siyosiy qutblashish kuchayishining oldini olish uchun muxolifat da'volariga quloq tutishga undamoqda.