Tramp: Koronavirusga qarshi kurashda xorijga yordamni to’xtatishni buyurmaganman

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp koronavirusga qarshi kurashda boshqa mamlakatlarga yordamni to’xtatishni buyurganini inkor etmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 3-aprel, 2020-yil

“Nega bunday qilishim kerak? Axir bu yaxshi ish bo’lmasdi. Yordam qilishga va’da bergan bo’lsak, va’damizdan qaytmaymiz, ammo o’zimizga ham ko’p narsa kerak hozir. Shuning uchun xorijga ko’p narsa yubora olmaymiz”, - dedi prezident.

Ayni paytda AQShning o’zi boshqa mamlakatlardan virusni aniqlash uchun test tizimlari va tibbiy anjomlar so’ramoqda. Ba’zilardan sotib olgan bo’lsa, boshqalari xayriya qildi.

“Xitoydan ayrim narsalar keldi, Rossiya ulkan samolyot to’la tibbiy uskuna yubordi”, - dedi Tramp.

Amerikada tibbiy xizmatchilar sun’iy nafas oldirish apparatlari va xususiy himoya vositalariga o’tkir ehtiyoj sezmoqda.

Tennesi shtatida joylashgan Vanderbilt universitetining Tibbiyot markazi eksperti Uilyam Shafnerning aytishicha, amerikalik shifokorlar AQShdagi ishlab chiqaruvchilardan yordam kutmoqda, ammo hozir mavhumlik va xavotir hukm surmoqda.

Ba’zilar Qo’shma Shtatlarni o’zidagi muammolarga qaramay, pandemiya paytida global liderlikni qo’ldan chiqarmaslikka chaqirmoqda, aks holda Rossiya va Xitoy uning o’rnini egallashi aytilmoqda.

“Rivojlanayotgan mamlakatlarga hozirning o’zida turli xil yordam berishimiz mumkin. Masalan, ijtimoiy masofani saqlash, qo’lni yuvish kabi ijtimoiy reklamalarni tayyorlashga kichik sarmoya qilsak bo’ladi yoki Afrikada maskalarni tayyorlash uchun to’qimachilik fabrikalarini ishga tushirishda yordam berishimiz mumkin”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro va strategik izlanishlar markazi tahlilchisi Daniel Rund.

O’tgan hafta Qo’shma Shtatlar 60 dan ortiq mamlakatga favqulodda yordam doirasida 274 million dollar berilishi haqida ma’lum qilgan. Bundan tashqari, AQSh Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarni ham moliyalamoqda.