Donald Tramp azaldan axborot vositalari bilan keskin aloqalarga ega. Oq uyga harakat qilayotgan davrda ham, prezidentlikka saylanganidan keyin ham jurnalistlarni qoralashda davom etmoqda. Ular men haqimda yolg’on ma’lumot tarqatishadi, deydi AQSh rahbari.
Ashaddiy tarafdorlari matbuotga emas, Trampga ishonadi, uning har bir gapi va tvitlarini kuzatib boradi. So’z erkinligi cheklangan ayrim davlatlar ham Trampdan o’rnak olmoqda.
“Mamlakatimizda ixtiloflar alanga olishiga asosiy sababchi - soxta xabar tarqatayotgan axborot vositalari. Ular haqiqatga ko’z yumib, reyting ortidan quvadi”, - deydi Tramp.
Prezident o’ziga yoqmagan har qanday informatsiyani, tanqidni “soxta” deya qoralashni odat qilgan. Twitter tarmog’ida, qolaversa, sanoqsiz intervyu va bayonotlarida bu so’zni ko’p ishlatadi.
Bu strategiya, deydi kuzatuvchilar, samara berayapti.
Amerika Matbuot institutidan Tom Rozenstil izohicha, Tramp tvit yozganda uning fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ham, gazetalar va televideniyeda ham aks-sado berishini, muhokama qilinishini istaydi.
"Qizig’i, prezident matbuotni qoralab turib, undan o’zi foydalanmoqda", - deydi Rozenstil.
Trampning hujumlaridan charchagan yirik telekompaniyalar, masalan “CNN”, o’zini himoya qilish uchun yangi shior va reklamalar yaratmoqda.
Avtoritar rahbarlar ham Trampdan o’rnak olayapti, deydi faollar.
“Filippin, Rossiya, Xitoy va Misrda soxta yangilik degan iborani qo’llab, hukumatlar jurnalistlarga bosimni oshirmoqda”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasidan Kortni Rash. “Xitoy nuqtai nazaridan, informatsiya oqimi qanchalik xavfli ekanini Qo’shma Shtatlar endi tushunib yetmoqda”.
Yaqinda Xitoy internet dushmani deb e’lon qilinganida, kiber-xavfsizlik bo’yicha mas’ul rasmiysi buni “soxta xabar” deya rad etdi.
“Hozirda Qo’shma Shtatlar va Yevropada ham soxta xabarlar, yangi axborot vositalari, mish-mish degan narsalar keng muhokama qilinyapti. Hammamiz birgalikda yuzlashib turgan umumiy muammo bu”, - deydi Ren Syanlyan.
Suriyaning harbiy qamoqxonalarida o’lim hollari haqidagi xabarlarga javoban, Prezident Bashar al-Assad “soxta xabarlar asrida yashayapmiz”, deb javob qiladi.
Xuddi shu tariqa, Tailand, Kambodja va Malayziya bosh vazirlari o’zlariga nisbatan tanqidlarni qalbaki deya inkor etishadi. Singapurda esa bu borada yangi qonun qabul qilinishi mumkin.
“Oq uyning jurnalistlarga munosabati avtoritar rahbarlarni ruhlantirayotgan ko’rinadi. Chunki bilishadiki, AQShdan gap eshitishmaydi”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Margo Even.
O’tgan yili qator avtoritar rahbarlar Oq uyda mehmon bo’ldi. Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga do’st deya murojaat qilgan, vaholanki Turkiya eng ko’p jurnalistlarni qamagan davlat. 2017-yilda ham bu borada yetakchilikni boy bergani yo’q.