Tramp saylovoldi va’dalarini bajarishga kirishmoqdami?

  • Amerika Ovozi

AQShda o’tgan prezident saylovida g’alaba qozongan va “Amerika birinchi” siyosatini tiklashga so’z berayotgan Donald Tramp uning ma’muriyati qanday tashqi siyosat yuritishini hozircha bayon qilgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-noyabr, 2024-yil - Tramp saylovoldi va’dalarini bajarishga kirishmoqdami?

Tramp so’nggi kunlarda bir qator davlatlar rahbarlari bilan gaplashib, Yaqin Sharq va Ukrainadagi urushlarni tugatishga qaratilgan saylovoldi va’dalarini bajarish niyati jiddiy ekanini ko’rsatdi.

“Sizga, xalqqa bergan va’dalarimning ustidan chiqishimga hech narsa to’siq bo’la olmaydi. Amerikani yana xavfsiz, kuchli, farovon, qudratli va erkin qilamiz”, - deydi Tramp.

U Oq uyga kirmasidan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonda gaplashdi. Matbuotdagi xabarlarga qaramay, Kreml Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tramp bilan gaplashganini inkor etyapti.

“Tramp Yaqin Sharq mojarosini tezroq tugatishga chaqiradi, Ukraina urushini to’xtatadi deb o’ylayman”, - deydi Vashingtonda joylashgan Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchan.

Tramp bu maqsadlarga qanday erishishini tushuntirgani yo’q, biroq Ukrainaga milliardlab dollar ajratilishini ko’p tanqid qilgan. Ukrainada urushni tezroq tugatish Kiyevdan hududlarining bir qismidan voz kechishni anglatishi mumkin. Zelenskiy bunga ko’nmasligini aytadi.

“Urushning adolatli tugashini istaymiz. Urushga tez yakun yasash mag’lubiyatni anglatadi”, - deydi u.

AQSh Shimoliy Koreyani Rossiyaga qo’shin bilan madad berayotganlikda ayblarkan, ayrim kuzatuvchilar buning kattaroq geosiyosiy oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.

Tramp otashkesim haqidagi takliflarni rad etib, G’azoda va Livanda maksimal maqsadlarga erishishga intilayotgan Isroilni urushni to’xtatishga qanday ko’ndira olishi ham hozircha jumboq.

Tramp savdo bobida qattiqroq siyosat yuritishga, Xitoyga bo’sh kelmaslikka so’z bergan. Uni saylangani bilan tabriklagan Xitoy Prezidenti Si Zinpin barqaror, sog’lom va davomiy aloqalarga chaqirdi.

“Si Zinpin tarix Xitoy va Qo’shma Shtatlar hamkorlikdan foyda, qarama-qarshilikdan esa zarar ko’rishini ko’rsatganini ta’kidladi”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Nin.

Tramp shuningdek noqonuniy immigratsiyani tugatishni, hujjatsiz muhojirlarni mamlakatdan haydashni va’da qilgan. Ushbu va’dasini bajarish maqsadida Immigratsiya va bojxona xizmatining sobiq rahbari Tom Xomanni chegaraga mas’ul etib tayinladi.

Tramp yana kimlarni bo'lajak ma'muriyatiga jalb qilmoqda?

Tramp bo’lajak ma’muriyatini shakllantirishda davom etarkan, AQSh hukumati samaradorligini oshirish bilan shug’ullanuvchi yangi departament faoliyatini yuritishni uni saylovda qo’llab-quvvatlagan ikkita milliarderga yukladi. Ilon Mask va Vivek Ramasvami hukumat byurokratiyasini yo’qotish, haddan ziyod nazoratni kamaytirish, isrofgarchilikni qisqartirish va federal idoralarni restrukturizatsiya qilish bilan, Bayden ma’muriyati tomonidan ajratilgan mablag’lar, jumladan Ukrainaga berilgan yordam auditi bilan shug’ullanadi.

Tramp shuningdek Milliy razvedkaning sobiq rahbari Jon Ratkliffdan (9252) Markaziy razvedka boshqarmasini, sobiq harbiy va “Fox News” telekanalining sharhlovchisi Pit Xegsetdan Mudofaa vazirligini boshqarishni so’ragan; sarmoyador Stiven Uitkoff AQShning Yaqin Sharqdagi maxsus elchisi, Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Mayk Xakkabi esa Isroilda elchi bo’lishi kutilmoqda.