Isroil tomonidan qurilgan “Trump Heights” posyolkasi aholisi AQShdagi prezidentlik saylovi natijalarini mamnuniyat bilan qabul qildi. Ular Donald Trampning AQSh prezidentligiga qaytishi Golan tepaliklaridagi ushbu kichik va olis aholi punktiga yangi hayot olib kelishidan umidvor.
Birinchi prezidentlik muddati davrida Tramp Isroilning bosqin ostidagi Golan tepaliklari ustidan nazoratini tan olgan birinchi va yagona xorijiy yetakchi bo‘ldi. 1967-yilgi Yaqin Sharq urushida Suriyadan tortib olingan bu hududni Isroil Trampga minnatdorchilik sifatida uning nomi bilan qayta nomladi.
Lekin 2019-yilgi yangi nom qo’yish marosimidan so‘ng yangi aholi ko‘chib kelishi kutilgan darajada amalga oshmadi va hozirda “Trump Heights” (“Ramat Trump” – ibroniy tilida) deb ataladigan bu hududda bir necha o‘nlab oila yashaydi, xolos. Ish o‘rinlari ham cheklangan.
Isroilning qo‘shni Livanda Hizbulloh jangarilariga qarshi davom etayotgan urushi bu joyda yashayotganlar uchun yakkalanib qolish hissini yanada kuchaytirmoqda.
Trampning saylovdagi g‘alabasi aholida o’z jamiyatiga ko‘proq odamlarni jalb qilish va xavfsizlikni yaxshilash uchun ko‘proq mablag‘ olishga umid uyg‘otdi.
“Ehtimol, bu holat bizga nisbatan xabardorlikning o’sishiga, jamiyatimiz va farzandlarimizga kerakli yordamni olishimizga sabab bo’lar”, - dedi “Trump Heights”ning jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha menejeri Yarden Freyman.
Go’lan mintaqaviy kengashi rahbari Ori Kallner kelajakdagi uy-joy qurilishlari uchun tayyorlangan o‘nlab yer uchastkalarini namoyish etdi. Ushbu uchastkalar yangi asfalt yo‘llar, chiroq ustunlari va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan.
“Prezident Trampning Oq uy rahbarligiga qaytishi, shubhasiz, bu shaharchani yangiliklarning bosh sahifasiga olib chiqadi”, — dedi u.
Qaltis hududdagi hayot
AQSh va Isroilni ifodalovchi burgut va menorani tasvirlagan metall haykal yonida turgan Kallner ustidan Isroil harbiy samolyotlari uchib o‘tdi. Livandan otilgan raketalar portlashi unga yaqin tepalikda yangradi, chegaraning narigi tarafida esa Isroilning qarshi hujumlari natijasida tutun bulutlari osmonga ko‘tarildi.
Ibroniy va ingliz tillarida posyolka nomi yozilgan ulkan belgi quyoshda yarqirab turar, yonida esa Isroil va AQShning katta, quyoshdan oqarib ketgan metall bayroqlari deyarli tanib bo‘lmas holga kelgan edi.
1967-yilgi urushda suriyaliklar tark etgan xaroba qishloqlar o‘rtasida joylashgan ushbu shaharcha Xula vodiysi uzra joylashgan bo‘lib, Isroil u yerga Livandagi jang uchun tanklar, artilleriya va qo‘shinlar to‘plagan.
Vodiydagi aksariyat shaharchalar evakuatsiya qilingan. “Trump Heights” aholisi o‘z bolalarini yaqin atrofdagi posyolkada joylashgan vaqtinchalik bolalar bog‘chasiga yuboradi, chunki 1-oktabrda Livanga bosqin uyushtirilganidan keyin hukumat mintaqadagi barcha maktablarni yopdi.
“Biz o‘z uyimizda qolishga harakat qilyapmiz, evakuatsiya qilinmayapmiz, lekin boshqa tomondan, ishlash imkoniyatimiz ham yo‘q, bolalarimiz uchun hech qanday ta’lim tizimi yo’q”, - dedi Freymann.
“Trump Heights” Livan va Suriyadan atigi 12 kilometr masofada joylashgan. Bomba yoki o’q xavfidan qochib, maxsus boshpanaga yetib olish uchun ogohlantirishlar aholiga taxminan 30 soniya oldin aytiladi.
Trampning boshqa yetakchilardan farqli qarori
Isroil 1981-yilda Go’lan tepaliklarini o‘ziga qo‘shib oldi, ammo bu qaror xalqaro miqyosda tan olinmagan.
2019-yil mart oyida Tramp o’z “Twitter” sahihafida AQSh Isroilning ushbu hududdagi nazoratini “to‘liq tan olishini” e'lon qildi. Uning bayonoti xalqaro hamjamiyat tomonidan keng tanqidlarga uchradi, chunki ular Go’lan tepaliklarini Suriyaga tegishli hudud va Isroil posyolkalarini noqonuniy deb hisoblaydi. Bayden ma'muriyati bu qarorni o‘z holicha qoldirdi va AQSh Isroilning Go’lanni o‘ziga qo‘shib olishini tan olgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
Kallner Tramp endi Yevropa davlatlarini Isroilning bu hududdagi suverenitetini tan olishga ko‘ndirishiga umid qilayotganini aytdi.
Isroil ma'lumotlariga ko‘ra, Go’lan tepaliklarida taxminan 50 ming kishi yashaydi — ularning yarmi yahudiy isroilliklar bo‘lsa, qolgan yarmi arab druzlari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi o‘zlarini hanuz okkupatsiya ostidagi suriyaliklar deb hisoblaydi.
Isroil Go’lan tepaliklarida posyolkalar qurilishini rag‘batlantirib kelmoqda, druz aholisi esa dehqonchilik, turizm va isroilliklar orasida mashhur bo‘lgan restoran sohasida faoliyat yuritadi. Biroq bu hudud Tel-Avivdagi Isroil iqtisodiy markazidan bir necha soatlik masofada joylashgani sababli rivojlanishda qiynalmoqda.
Ushbu iqtisodiy qiyinchilik urush davrida yanada kuchaydi, chunki mehmondo‘stlik sohasi tanazzulga yuz tutdi. 28-iyul kuni Majdal Shams shahrida, taxminan 20 kilometr uzoqlikda, raketa zarbasi futbol maydonida 12 druz bolasini o‘ldirdi. Bir necha oydan so‘ng Isroil Livanga bostirib kirdi.
2019-yil iyun oyida Bosh vazir Benyamin Netanyaxu “Trump Heights” posyolkasining ochilish marosimini o‘tkazdi. O‘sha paytdagi AQSh elchisi Devid Fridman marosim Trampning tug‘ilgan kunidan bir necha kun o‘tib bo‘lganini ta’kidlab: “Men bundan ortiq chiroyli tug‘ilgan kun sovg‘asini tasavvur qila olmayman”, - dedi.
Tramp Netanyaxu bilan yaqin edi
Go’lanni tan olish Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida Isroilga bergan diplomatik sovg‘alaridan biri edi. Shuningdek, bu kabi sovg’alarga Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish, Amerika elchixonasini bahsli shaharga ko‘chirish hamda arab davlatlari bilan imzolangan Ibrohim kelishuvlari nomi bilan tanilgan diplomatik bitimlar ham kiradi.
U ikkinchi prezidentlik davrida notinch mintaqaga tinchlik olib kelishga va’da berdi, lekin bunga qanday qilib erishishini aytmadi.
Netanyaxu birinchi prezidentlik davrida Tramp bilan yaqin munosabatlarga ega edi, ammo u Jo Baydenni 2020-yilda g‘alaba qozongani bilan tabriklaganida sobiq prezident bilan munosabatlari yomonlashdi. Isroil bosh vaziri seshanba kuni prezidentlikka saylangan shaxsga qo‘ng‘iroq qilgan va uni g‘alaba bilan tabriklagan birinchi xorijiy yetakchilardan biri bo‘lganini e’lon qildi. Ichki muloqot haqida anonim tarzda gapirgan uning idorasi rasmiysi yordamchilar ko‘tarinki kayfiyatda va xursand bo‘lganini aytdi.
“Tarixdagi eng buyuk qaytishingiz bilan tabriklayman! — dedi Isroil yetakchisi o‘z bayonotida. - Sizning Oq uyga tarixiy qaytishingiz Amerika uchun yangi boshlanish va Isroil va Amerika o‘rtasidagi buyuk ittifoqqa kuchli qayta sodiqlikni anglatadi”.
“Trump Heights”dagi Kallner ham optimistik kayfiyatda:
“Go’lan jamiyati kuchli va bardoshlidir, bu yerga kelib yashamoqchi bo‘lgan odamlar ham shunday. Ishonamanki, biz bu murakkab davrlarni yengib o‘tamiz va o‘sishda davom etamiz”.