Tramp Katta Yigirmalik sammitida qatnashdi, kelishuv imzoladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Argentinada o'tayotgan Katta Yigirmalik majlisida qatnashar ekan, uning xayolida boshqa mavzular. Samolyotidan tushgandan so'ng Tramp maxsus prokuror Robert Myullerni qoralab, ikkita tvit yozdi.

Adliya vazirligi tomonidan tayinlangan Myuller 1,5 yildan buyon Trampning saylov kampaniyasi davrida Rossiya bilan aloqalarini, uning saylov g'alabasida Rossiya qanday rol o'ynaganini tekshirmoqda. U "yaxshisi boshqa tomonning haqiqiy jinoyatlarini tekshirsin", deb yozdi Tramp muxolifatga, ya'ni demokratlarga ishora qilib.

Argentinada tong otayotganda, Katta Yigirmalikka a'zo mamlakat rahbarlari uchrashuvI oldidan, AQSh prezidenti Myuller olib borayotgan tergov haqida yana ikkita tvit yozgani shundan dalolatki, uning o'y-xayollari tashqi emas, ichki siyosat bilan band.

AQSh rahbarlari xorijga safar qilganida ularga Oq uy muxbirlari hamrohlik qiladi, prezidentga beriladigan savollar ham ko'pincha ichki siyosat bilan bog'liq.

"Amerika birinchi" degan iborani o'ziga shior qilgan Tramp saylanganidan buyon qator xalqaro bitimlarni bekor qilgan yoki ularni Amerika foydasiga o'zgartirishni talab qilib keladi. U xalqaro tashkilotlarni ham tinmay tanqid qiladi. Bu kabi yondashuv Katta Yigirmalik singari forumlar ishini chigallashtiradi.

"Prezident Tramp ushbu sammit kun tartibidagi xalqaro hamkorlik bilan qiziqadi, deb o'ylamayman. Bu anjuman uning uchun o'z ichki va tashqi siyosatini targ'ib qiladigan bir joy", - deydi siyosatshunos Mark Simakovskiy.

Prezident Trampni, xususan, Rossiya yuzasidan Robert Myuller olib borayotgan tergov xavotirga solayotgan ko'rinadi. Trampning sobiq advokati, Maykl Koen, amaldagi prezidentning Rossiyadagi biznes manfaatlari to'g'risida qonunchilarga yolg'on ma'lumot berganini tan olgan.

Donald Tramp ko'p tomonlama hamkorlikka to'sqinlik qilayotgan yagona faktor emas. Braziliyadan tortib Rossiyagacha, ko'plab mamlakatlarda millatchilik avj olgani savdo, global iqlim va boshqa masalalar bo'yicha xalqaro hamkorlikni chigallashtirmoqda.

Ammo Tramp diqqatni jalb qilish qobiliyatiga ega - u ko'pincha xorijiy safarlari oldidan, paytida va mamlakatiga qaytgach boshqa rahbarlarni qoralaydi yoki haqoratlaydi. Bu ham Katta Yigirmalik kabi forumlar ishini qiyinlashtiradi, deydi tahlilchilar.

Iyun oyida Katta Yettilik sammitida AQSh rahbari po'lat va alyuminiy importiga tarif qo'yish masalasida xorijiy yetakchilar bilan achchiq so'zlar almashgan edi. Noyabrda esa ob-havoni bahona qilib Parijda Birinchi jahon urushiga bag'ishlangan tadbirga bormagan, Fransiya prezidentining xalq orasida reytingi past, degan edi.

Argentinada Donald Tramp Kanada va Meksika bilan yangi savdo shartnomasini imzoladi. Uch tomonlama kelishuv endi parlamentlar tomonidan tasdiqlanishi kerak.

"Jangdan keyin ba'zida orada do'stlik kelib chiqadi. Katta yutuqqa erishdik", - dedi Tramp tadbirda.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Prezident Tramp deydiki, agar AQSh, Meksika va Kanada o'rtasidagi kelishuv kuchga kirsa, kompaniyalar Amerikaning o'zida ishlab chiqarishni kengaytiradi, boshqa davlatlarga ko'chmaydi.

Tramp, shuningdek, Xitoy mahsulotlariga bojni oshirish, chegara xavfsizligini mustahkamlash, savdo shartnomalarini qayta ko'rib chiqish siyosatini himoya qildi.