Prezident Donald Tramp Markaziy Amerika davlatlaridan migrantlar oqimi to'xtamayapti, deya Meksika bilan chegaraga harbiylarni safarbar etish to'g'risida qaror imzoladi. Ammo chegaradagi shtatlar ham bunga rozilik berishi kerak. Tramp prezidentlikka kelganidan buyon immigratsiyani kamaytirish harakatida. Shu maqsadda chegarada devor ham qurmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Chegarasi mustahkam bo'lmagan davlat, davlat emas, deydi Prezident Tramp. AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen chegaraga harbiylarni yuborish qarorini e'lon qildi.
Bir necha kundan beri Tramp AQSh tomon harakatlanayotgan mingdan oshiq muhojirlar "karvoni" haqida tanqidiy tvitlar yozmoqda. Ularning aksariyati Gondurasdan. Bunday marshni "Chegara bilmas insonlar" degan tashkilot har yili uyushtiradi.
O'z davlatida zo'ravonlik, qashshoqlikdan qochayotgan bu odamlar to'rt ming kilometr yo'l bosib, Amerikadan boshpana olishga harakat qiladi.
"Bizni to'xtatish faqat xudoga havola. Tramp armiyani yuborishi mumkin, lekin karvon safarini davom ettiradi", - deydi muhojirlardan biri Gustavo Sanchez.
Aksiya qatnashchilarining yuzlab nafari Meksikada ushlanib, ortga qaytarilgan. Ayrimlari kelasi oy AQShga yetib kelishi mumkin. Chegarani mustahkamlash tarafdolari fikricha, ularga boshpana berilsa, oqim yanada kuchayadi.
"Kuchli javob bermasak, bunday karvonlarga boshqalar ham qo'shiladi va shu yo'l bilan Amerikaga kelmoqchi bo'ladi", - deydi tahlilchi Mark Krikorian.
Oq uy chegarada baland devor qurish uchun 25 milliard dollar so'ragan, biroq Kongress 1,6 milliard dollar ajratdi xolos. Tramp g'azabda.
"Devor qurilmaguncha chegarani harbiylar qo'riqlaydi", - deydi u.
Trampdan oldingi prezidentlar Jorj Bush va Barak Obama ham Milliy Gvardiyani shu maqsadda safarbar etgan edi. Ammo qonuniy cheklovlar bor.
"Harbiylar mamlakat ichida huquq-tartibotni ta'minlashda qatnasha olmaydi. Milliy Gvardiyaga doir qoidalar sal boshqacha, lekin u ham chegarani bevosita qo'riqlashi taqiqlangan", - deydi tadqiqotchi Deyvid Bayer.
Prezident immigratsiya qonunlarini qayta ko'rib chiqishni, "ushla va qo'yib yubor" singari qoidalarni bekor qilishni istashi mumkin, ammo vakolat Kongressda.
"Trampga qo'yib bersa, maqomi sudda ko'rilayotgan odamlar AQSh ko'chalarida erkin yurmasligi kerak. Lekin buning uchun muhojirlarni saqlaydigan markazlarni ko'paytirishga to'g'ri keladi", - deydi Migratsiya siyosati institutidan Endryu Sili.
Bolalarni himoya qilishga qaratilgan, odam savdosiga qarshi qonunlarni bekor qilishga ham qarshilik kuchli.
"Bolalar va yoshlar, AQShga noqonuniy kirgan bo'lsa ham, kuchli himoyaga muhtoj. Ko'plab qonunchilar shunday fikrda. Migratsion ishlar sudda ko'rilayotganda ularni qamoqda ham saqlay olmaysiz", - deydi suhbatdosh.
Qonunchilar kelasi hafta ta'tildan ishga qaytadi, ammo kuzgi saylov oldidan yangi qonunlar qabul qilinishini kutmasa ham bo'ladi.