Prezident Donald Tramp immigratsiya bo'yicha yangi farmonga imzo chekishi kutilmoqda. Unga ko'ra, qochoqlarni qabul qilish to'rt oy muddatga to'xtatiladi va olti davlatdan kamida bir oy hech kim kiritilmaydi. Bular - Iroq, Eron, Liviya, Suriya, Somali, Sudan va Yaman. Muhojir huquqlari himoyachilari bu choralardan xavotirda.
Umar Al-Muqdad qidiruvda. Suriya hukumati uni uch marta o'limga hukm qilgan. Aybi Prezident Bashar Assadni tanqid qilgani. Bugun u AQShning Kapitoliy binosiga bemalol kirib chiqmoqda.
Al-Muqdad bu yerga qochoq sifatida kelgan. U orasida terrorchi bo'lishi mumkin degan mantiq bilan suriyalik qochoqlarning qabul qilinmasligini asossiz deb hisoblaydi.
"Besh million qochqinni bir xil toifaga qo'sha olmayman. Biz kimligini bilmaydigan, AQShga kelib o'zini portlatishi mumkin bo'lgan qandaydir odamni deb, hammasini qabul qilmaymizmi? Bu mantiqiy fikrlash emas", - deydi Al-Muqdad.
Amerika Immigratsiya islohoti federatsiyasi prezidenti Den Steyn boshqacha fikrda. Unga ko'ra, urush zonalaridan kelayotgan odamlarni to'liq tekshirish imkoni yo'q.
"Aksariyat odamlarni himoya qilishning eng yaxshi yo'li ularga hozir turgan joylarida yordam berish. Suriyada vaziyat yaxshilansa, vataniga qaytarish mumkin. AQSh kabi uchinchi davlatga joylashtirish eng so'nggi chora bo'lishi kerak", - deydi u.
Oq uy matbuot kotibi Shon Spayserning aytishicha, Tramp janubiy chegarada devor qurish hamda jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlarni haydash ahdida qat'iy.
"Vizasi tugagan, jinoyat sodir etgan odamlarni yaxshi yo'lga qo'yilgan tizimli dastur asosida ko'rib chiqamiz", - deydi u.
Immigratsiya bo'yicha faollar barcha hujjatsiz muhojirlarning deportatsiya qilinishidan xavotirda. Xususan Greyza Martinez kabi yoshligida kelgan shaxslar ham.
"Donald Tramp meni va ota-onamni jinoyatchi deb atashi mumkin, lekin biz o'zimizni qahramon deb bilamiz", - deydi Martinez.
Den Steynga ko'ra, noqonuniy muhojirlarni himoya qilish adolatdan emas.
"Barak Obama konstitutsiyaviy inqirozni yuzaga chiqardi, yo'q joyga chiziq chizishga urindi. Endi Tramp qaysi odam bu chiziqning qaysi tomonida turganini tushuntirib berish majburiyati ostida qoldi", - deydi u.
Ayrim masalalarni farmon bilan hal qilish mumkin. Boshqalari esa Kongressga olib chiqilganda demokratlar to'sig'iga duch keladi.
"Tramp ma'muriyatini kuzatyapmiz. Biz taslim bo'lmaymiz", - deydi demokrat senator Chak Shumer.
Al-Muqdad Amerikaga qonuniy kelgan. Kelasi oy u hatto fuqarolik uchun ariza topshirishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5