Prezident Donald Tramp 1-aprel kuni yana bir bor immigratsiya nazoratini kuchaytirishga chaqirdi.
"Chegara qo'riqchilari o'z ishlarini yetarli darajada qilishlariga imkon yo'q, chunki "Ushla va qo'yib yubor" kabi ahmoqona qonunlar bunga yo'l qo'ymaydi', - deb yozdi Tramp "Twitter" orqali.
AQSh rahbari Meksikani noqonuniy muhojirlar oqimini to'xtatish bo'yicha "juda kam ish qilayotganlik"da ayblab, Shimoliy Amerika Erkin savdo bitimini bekor qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Shu kuni kechroq Pasxa bayramini nishonlash uchun Floridadagi cherkovlardan biriga borgan Tramp Meksikaga oid fikrlarini yana bir bor bayon qildi.
"Chegarada Meksika bizga yordam berishi kerak. Agar yordam bermasa, bu ikki davlat o'rtasidagi qayg'uli narsa bo'ladi", - dedi u.
Prezident bolaligida AQShga hujjatsiz kelgan muhojirlarni himoya qiluvchi DACA dasturini ham tilga oldi. Dastur Kongress yangi qaror qabul qilmagani bois sentabr oyida kuchdan to'xtagan, ammo Tramp ma'muriyati DACA qatnashchilari uchun doimiy yechim topishga yana olti oy muhlat bergan edi.
Agar Kongress ularga qo'shimcha mablag' ajratishga rozi bo'lsa, DACA ta'minlagan himoya choralarini men ham yoqlayman, degan edi Tramp.
Ammo yaqinda qabul qilingan davlat byudjetida DACA dasturi yana tushib qoldi. Ayni paytda federal sudyalar huquqiy masalalar yechim topmaguncha DACAning ayrim bandlarini amalda saqlab turish haqida qaror chiqargan.