Prezident Donald Tramp Eronni bir necha davlat ishtirokida imzolangan xalqaro yadroviy kelishuvga amal qilmayotganlikda ayblamoqda. Kelishuv, deydi u, qayta ko'rib chiqilishi kerak va zarur bo'lsa Tehronga yana sanksiyalar qo'yiladi.
Eronning yadroviy dasturini to'xtatishga qaratilgan bu hujjatga 2015-yilda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi, Germaniya va Tehron uzoq yillik muzokaradan so'ng qo'l qo'ygan edi. Islomiy respublika shu tariqa iqtisodiy sanksiyalarning bir qismidan qutulgan va xorijda muzlatilgan pullarini qaytarib olgan.
Tramp nutqida Eronni mutaassib rejim va terrorizm homiysi deb qoraladi. Uning aytishicha, kelishuv uning ballistik raketa dasturini ham qamrab olishi kerak.
Tramp qaroriga munosabat
Ittifoqchilar Eron xalqaro kelishuvni bajarib kelayotganini aytadi. AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson ham jurnalistlar bilan muloqotda buni tan olgan. Biroq Oq uydan murojaat qilgan Trampga ko'ra, Tehronning siyosati kelishuv "ruhiyatiga" zid.
"Eronni yadro qurolini qo'lga kiritishdan vaqtincha to'xtatuvchi bitimdan nima foyda? Men Qo'shma Shtatlar prezidenti sifatida buni qabul qila olmayman", - dedi u.
BMT qoshidagi Xalqaro atom boshqarmasi rahbari Yukiya Amano so'zlariga ko'ra, islomiy respublikaning yadro programmasi kuchli tekshiruv ostida va hozirgacha biror qonunbuzarlik aniqlanmagan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo'yicha mas'ul rasmiysi Federika Mogerini ham shunday bayonot bilan chiqdi. "Hech bir prezident yoki davlat yakka holda kelishuvni bekor qilish vakolatiga ega emas", - dedi u.
Britaniya, Germaniya va Fransiya AQSh qaroridan norozi. Rossiya xalqaro munosabatlarda agressiv bayonotlardan chekinishga undadi. Isroil va Saudiya Arabistoni esa Tramp qarorini olqishlamoqda.
Tehrondan javob
Prezident Hasan Ruhoniy barcha tomonlarni kelishuvga amal qilishga chaqirmoqda. Telemurojaatida u Donald Trampni yolg'onchi va diktator deb qoraladi.
"AQSh xalqaro shartnomani rad etib, o'zini yakkalamoqda", - deydi Ruhoniy.
Sanksiyalar
AQSh rahbari Kongressdan Eronga bosimni oshirishni so'ramoqda. Mamlakat Inqilobiy gvardiyasiga qarshi sanksiyalar qo'yiladi.
Tramp nutqida xalqaro bitimdan chiqayapmiz deb ochiq aytmagan bo'lsa-da, uning qarori Yevropadagi ittifoqchilarning AQShga bo'lgan ishonchini yemiradi, deydi siyosatdonlar. Vashingtonning lafzsizligi, o'zi imzolagan bitimlarga oyoq bosishi Shimoliy Koreya muammosini hal qilishni ham chigallashtiradi. Sal avval Qo'shma Shtatlar iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij kelishuvidan ham voz kechgan edi.
AQSh qonunlariga ko'ra, prezident Eron yadro kelishuviga amal qilayotgani to'g'risida Kongressga har 90 kunda hisobot berib turishi lozim. Tramp saylanganidan buyon "Tehron majburiyatlarini bajaryapti" deb ikki marotaba tasqidlagan.
Tanqidchilarga ko'ra, kelishuv Eronni yadroviy jabhada jilovlagan bo'lishi mumkin, lekin bu rejim Xamas va Hizbulloh guruhlarini moliyalashda, Yaqin Sharqda buzg'unchilik qilishda davom etmoqda. Biroq gap shundaki, Obama ma'muriyati davrida yadro qurollari boshqa masalalardan alohida ko'rilib, kelishuv tuzilgan.
2015-yilgi xalqaro kelishuv doirasida Eronga qo'yilgan talablar:
- O'rtacha boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechadi
- Kam boyitilgan uran zaxiralarini 89 foizga kamaytiradi
- Uran boyitish uchun qo'llaniladigan sentrifugalar sonini 70 foizga kesadi
- Uranni faqat bitta zavodda boyitadi
Eronga nima foyda?
- Yadro dasturi bois qo'yilgan BMT sanksiyalari olib tashlanadi
- Yevropa Ittifoqi va AQSh joriy etgan ayrim sanskiyalarni bekor qiladi
- Xorijda muzlatilgan 100 milliard dollar mablag' Tehronga qaytadi
Kelishuv nega tasdiqlanishi kerak?
AQSh Kongressi 2015-yilda shunday talab qo'ygan: prezident "Eron bitimga amal qilayapti", deb har 90 kunda qonunchilarga hisobot berishi kerak.
Tramp kelishuvni tasdiqlamadi. Endi-chi?
- Kongress 60 kun ichida iqtisodiy sanksiyalarni tiklashi mumkin
- Agar Eronga yangi sanksiyalar qo'yilsa, AQSh kelishuv shartlarini buzgan hisoblanadi
- Kongress hech qanday chora ko'rmasa, kelishuv muddati yana uch oyga cho'ziladi