O’tgan hafta AQSh Demokratik partiyasining Filadelfiya shahrida o’tgan qurultoyida nutq so’zlab, respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Trampni tanqid qilgan amerikalik musulmon va tanqidga keskin javob bergan tadbirkor o’rtasida so’z urushi avjga chiqmoqda.
2004-yilda Iroqdagi urushda askar o’g’lini yo’qotgan Hizr Xon demokratlar syezdida Trampning ayrim musulmonlarni Amerikaga kiritmaslik taklifiga qarshi chiqib, Trampga AQSh Konstitutsiyasini o’qib chiqishni tavsiya qilgan edi.
Bundan g’azablangan tadbirkor achchiq so’zlar bilan javob qaytardi. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan asli pokistonlik bu oila boshlig’ining aytishicha, bu mashmashadan Trampning o’zi zarar ko’rmoqda.
"Respublikachilar Trampni nafaqat musulmonlar, balki ozchilikdagi boshqa guruhlar - ayollar, sudyalarni haqorat qilishdan o’zini tiyishga chaqirmoqda va u partiyadoshlari gapiga quloq solishga majbur bo’lyapti", - deydi Hizr Xon.
Trampning saylovlardagi sherigi, vitse-prezidentlikka nomzod Mayk Pens Hizr Xonning urushda halok bo’lgan o’g’li Humoyunni qahramon deb atadi, ammo Trampni ham himoya qildi.
"Nomzod sherigimchalik bu mamlakat qurolli kuchlari, harbiylarimiz oilalari, faxriylarimizni hurmat qiladigan odamni uchratmadim. Men ko’rgan, men bilgan rahbarlar askarlarimizni Donald Trampchalik qo’llab-quvvatlamagan”, - deydi Pens.
Demokratlar syezdidan oldin ommaviy so’rovlarda demokrat raqibi Xillari Klintondan uch foiz oldinda bo’lgan Tramp bugunga kelib undan 7-9 foiz ortda qolmoqda.