AQShda Kongress saylovlariga 100 kun qoldi. Odatda saylov kampaniyasida nomzodlar iqtisodiyot, tashqi siyosat, soliqlar, immigratsiya, sog'liqni saqlash tizimi, ta'limni qizg'in muhokama qiladi, biroq bu yilgi saylovdan oldin ko'pchilikning e'tibori Donald Tramp va uning prezidentlik faoliyatida.
Your browser doesn’t support HTML5
Saylov 6-noyabrga belgilangan. Senat va Vakillar palatasidagi respublikachilar hozirgi hukmron mavqeini saqlab qolishga, muxolif demokratlar esa tashabbus va Kongress nazoratini qo'lga olishga umid qilmoqda.
Saylovga uch oy qolganda o'tkazilgan bir ommaviy so'rov natijasiga ko'ra, demokratlar respublikachilardan yetti foiz ko'p ovoz to'plashi mumkin, boshqa so'rov natijasiga ko'ra, demokratlar 51 foiz, respublikachilar esa 39 foiz ovoz olishi kutilmoqda.
Ba'zilar nazarida, noyabr saylovlari Tramp prezidentligi bo'yicha referendum sifatida ko'rilishi ham mumkin.
Ikki asosiy partiya vakillari ko'p masalalarda kelisha olmasa-da, bir mavzuda hamfikr - Prezident Tramp saylov natijasiga ta'sir qiluvchi muhim omil.
Davlat rahbari shtatma-shtat yurib, saylovchilarini respublikachi nomzodlarga ovoz berishga da'vat etmoqda.
"Chekinish yo'q, taslim bo'lish yo'q, g'alaba tomon yuramiz", - dedi Tramp Montana shtatining Greyt-Fols shahridagi namoyish paytida.
Savdo vazirligining ma'lum qilishicha, so'nggi chorakda AQSh iqtisodiyoti 4,1 foizga o'sgan. Bu 2014-yildan beri eng katta ko'rsatkich.
"Iqtisodiyotda tarixiy darajada burilish yasadik", - dedi Tramp Oq uyda muxbirlarga.
Biroq respublikachi prezident rahbarligida erishilgan iqtisodiy yutuqlar demokratlar shashtini tushirgani yo'q. Ular saylov kampaniyasiga zo'r berib, aholining barcha qatlamlari orasida tashviqot olib bormoqda.
2016-yilda prezidentlikka harakat qilgan senator Berni Sanders bu ishda faol.
"Vakillar palatasi nazorati uchun bo'ladigan bu kurash o'ta muhimdir. Kongress taqdirini bir yoki ikki shtat hal qilishi mumkin. Saylov kuni ovoz berishga chiqing", - dedi Sanders Kanzas shtatida to'plangan tarafdorlariga.
Vakillar palatasida ko'pchilikni qo'lga kiritish uchun demokratlar 20 dan oshiq shtatda g'alaba qilishi zarur. Senat nazorati uchun esa ularga ikkita o'rin yetmayapti.
Tahlilchilar tarix ham demokratlar tomonida, deydi.
"Odatda Oq uyga kirolmagan partiya vakillarining prezident saylovlaridan ikki yildan so'ng bo'ladigan Kongress saylovlarida qo'li hamisha baland bo'lgan. Demokratlar Donald Trampni yoqtirmaydi, ularda shijoat baland, shu sabab saylovga jon deb chiqishadi", - deydi vashingtonlik ekspert Jon Fortye.
Prezident respublikachi nomzodlar uchun mamlakat bo'ylab tashviqot olib borarkan, saylovchilarni tarixga e'tibor bermaslikka chaqirmoqda.
Tramp yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashganidan so'ng uning reytingi tushgan. Bir so'rov natijasiga ko'ra, uning faoliyatini aholining 43 foizi ma'qullamoqda, 53 foizi norozi. Boshqa ikkita so'rov natijasiga ko'ra, Trampning reytingi 40 foizdan kam, masalan, Tramp 2016-yil saylovida g'alaba qozongan Michigan va Viskonsin shtatlarida.
Virjiniya universiteti tahlilchisi Larri Sabatoning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, prezidentning shaxsi saylov kampaniyasi markazida turishi oldin kuzatilmagan holatdir.
"U misli Quyosh. Qolgan hamma narsa uning atrofida aylanmoqda", - deydi Sabato.
Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarni iqtisodiyot, immigratsiya, sog'liqni saqlash, soliqlar va qurol nazorati mavzulari ham qiziqtiradi.