Falastinning Vashingtondagi diplomatik idorasi yopiladi

  • Amerika Ovozi

Tramp ma'muriyati Falastinning Vashingtondagi diplomatik idorasini yopishni buyurdi. Rasmiylarning aytishicha, bunga Falastinning Isroil bilan tinchlik muzokaralaridan bosh tortayotgani sababchi.

"Falastin rahbarlari AQSh olg'a surayotgan tinchlik rejasini hali ko'rmasdan qoralagan va AQSh hukumati bilan bu mavzuda gaplashishni ham istamaydi. Shu bois va Kongress xavotirini ham hisobga olgan holda, Falastinning Vashingtondagi idorasini yopishga qaror qildik", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Bu haqda falastinliklar 2017-yilning noyabrida ogohlantirilgan, ularga Isroil bilan muloqot qilish sharti qo'yilgan edi. Tramp ma'muryatining Yaqin Sharq tinchlik rejasi omma e'tiboriga havola etilganicha yo'q.

"Qo'shma Shtatlar tomonlarning yuzma-yuz muzokara qilishini yagona to'g'ri yo'l deb biladi. Davomiy, keng ko'lamli tinchlikka erishish yo'lidagi sa'y-harakatlardan chekinayotganimiz yo'q", - deyiladi bayonotda.

Falastin Xalqaro jinoiy sudga Isroil ustidan arz qilgani ham Tramp ma'muriyatining so'nggi qaroriga turtki bergan.

Falastin rasmiysi Soib Erekatning aytishicha, Vashingtondagi vakolatxona yopilishi "Tramp ma'muriyati Falastin xalqini yoppasiga jazolash, jumladan, gumanitar loyihalarga moliyani uzish siyosatini olib borayotganini yana bir bor tasdiqladi".

AQSh Falastinni davlat deb tan olmasa-da, AQSh hukumati bilan aloqalarni muvofiqlashtiruvchi falastinliklar idorasi Vashintgonda faoliyat yuritadi. Idora rahbari Husam Zomlot Oq uyni Falastin bilan o'nlab yillik hamkorlikka bolta urayotganlikda, gumanitar yordamni siyosiy qurol qilib ishlatayotganlikda aybladi.

Donald Tramp prezidentlikka kelganidan buyon Falastinga qarshi choralar ko'rib kelmoqda. Yaqinda AQSh BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligiga ham yordamini uzdi.