Tramp jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezidentlik qasamyodidan keyin qilgan nutqida Donald Tramp Amerika bo’ylab jinoyatchilikni keskin kamaytirishni va’da qilgan edi. Hozirda u bu masala bilan jiddiy shug’ullana boshlagan.

Bezori to’dalar, qoradori va odam savdosi evaziga pul topadigan guruhlar AQShning ko’plab shaharlarida chuqur ildiz otgan. Bu fojia, deydi Tramp.

“O’tgan yili Chikagoda 4368 odam otib o’ldirilgan. Bu yilning o’zida 700 ga yaqin. Chikagoni nima balo urgan”? - dedi u yaqinda bu shaharga borganida.

Prezident bu borada o’z fikriga ega.

“Afsuski, politsiyaning qo’li kalta, faoliyati cheklangan. Politsiyani zo’ravonlikda ayblab, jinoyatchilarga imkoniyatni kengaytirib qo’yganmiz. Bu degani bechora odamlar o’lib ketaveradi, organlar ko’p narsaga qodir emas, yovuz kuchlar esa bilganini qiladi. Aholi o’zini xavfsiz deb bilmaydi. O’rganib ham ketgan”, - deydi u.

O’tgan yillar ichida Chikago va boshqa shaharlarda politsiya irqchilikda ayblanib, keng ko’lamli norozilik namoyishlari yuz berdi. Qora tanli amerikaliklar nazarida huquq-tartibot organlari sistematik diskriminatsiyaga asoslangan. Tramp fikricha esa, politsiyaga bu kabi ayblovlar yog’dirish adolatdan emas. Tartibni saqlash kerak, deydi u. Politsiyachilar u tomonda.

“Oq uydagi rahbarimiz huquq-tartibot jamiyat uchun nihoyatda muhim ekanini eslatib turishi bizga juda ma’qul”.

Chak Kanterberi AQSh politsiyachilari uyushmasi yetakchisi. Qoradori savdosi va boshqa jinoyat turlarining ildiziga bolta urish uchun organlarni kuchaytirish kerak, prezident buni biladi, deydi u.

“O’z ishining ustasi bo’lgan politsiyachilarni topish qiyin bo’lib qoldi. Ko’plab odamlar bu sohani tark etdi”, - deydi u.

Sabab, deydi Kanterberi, jamiyatda politsiyaga nisbatan salbiy qarash kuchaydi. Har qanday tartibsizlikda jinoyatchilar emas, asosan, ular ayblandi. Buni bartaraf etish uchun tizimni isloh qilish lozim, deydi u.