AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning asosiy elektorati - oq tanli ishchilar. “Amerika Ovozi” yaqinda odatda demokratlarga ovoz beradigan Pensilvaniya shtatida bo’lib, Tramp saylovchilari fikrini o’rgandi.
Bob Bolus noyabrda bo’ladigan saylovlarda Donald Trampga ovoz bermoqchi.
“Unga ishonchim cheksiz”, - deydi u.
Trampning “Amerikani yana buyuk qilaylik” hamda “Devor quramiz” kabi shiorlarini Bolusga qarashli yuk mashinasida ko’rsa bo’ladi. U Tramp, Sanders va Klintonning saylov yig’inlariga Trampning surati tushirilgan shu mashinada borib turadi.
Skrenton shahrida yashovchi bu tadbirkor Tramp Amerikasida yashashni istaydi, ya’ni chegaralari muhojirlar uchun yopiq, import cheklangan mamlakatda.
“Shundagina savdo balansiga erishamiz, menikiga o’xshagan yuk mashinalari butun Amerika bo’ylab faqat Amerikada ishlangan mahsulotlarni tashiydi. Xorijda tayyorlangan mahsulotlarga ehtiyojimiz yo’q”, - deydi Bolus.
Pensilvaniyada yashovchi oq tanli ishchilarning aksariyati shunday fikrda, deydi mahalliy kollej professori Kristofer Borik.
Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, shtatning oliy ma’lumotga ega bo’lmagan oq tanli saylovchilarining 53 foizi Trampga, 31 foizi esa Klintonga ovoz bermoqchi.
“Ular ertangi kunidan xavotir olmoqda. Ishimni yo’qotaman deb qo’rqishyapti. Nomzodning savdo bitimlari va immigratsiya haqidagi gaplarining qisman natijasi bu”, - deydi Borik.
So’nggi olti prezident saylovlarida demokratlardan nomzod Pensilvaniyada muntazam ravishda g’olib bo’lgan. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga qaramay, Trampga bu shtatda g’alaba qilish oson bo’lmaydi.
Xillari Klintonning otasi Skrenton shahrida tug’ilgan, nomzodning o’zi esa bolalik paytida yoz faslini Skrentonda o’tkazardi. Shu sabab mahalliy aholi Klintonni o’ziniki deb, Trampga kamroq odam ovoz berishi mumkin.
Respublikachi nomzod nafaqat Klintonni xush ko’rmaydigan demokratlarni, hatto o’z partiyadoshlarini ham saylov kuni unga ovoz berishga ishontirishi zarur. Ammo tibbiy uskuna distribyuteri bo’lib ishlovchi Mayk Rutning qarori qat’iy - u Trampni tanladi.
“Tramp o’zini murosachi deb ataydi. Xorijiy davlat rahbarlari bilan muzokara natija berishi uchun oyoq tirab olish kerakmas”, - deydi u.
Rut nazarida Klintonga ishonch yo’q.
Skrentonlik yana bir yuk mashinasi haydovchisi Kishan Markaryan nazarida, pichoqqa ilinadigan nomzod yo’q. Har ikkisining ham yetarlicha salbiy xislatlari bor, tanlash oson bo’lmaydi, deydi u.
“Menga qolsa, hech biriga ovoz bermagan bo’lardim. Lekin nima qilay? Axir kimnidir tanlash kerakku”, - deydi u.
Bu yilgi saylovlarda ko’plab amerikaliklar ana shunday ilojsiz holat bilan yuzlashadi.