Tramp prezidentligi: Tekshiruv ketidan tekshiruv

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Oq uy va Kongress o’rtasida byudjet ustidagi keskin tortishuvdan keyin AQSh hukumati ishga tushib ketdi, ammo Prezident Donald Tramp Meksika bilan chegarada qurishni rejalagan devor uchun mablag’ ajratilmadi. Muxolifat bilan muzokara qiyin kechmoqda. Bundan tashqari, prezidentning bizneslari, Rossiya bilan aloqalari tekshiruv ostida.

AQSh Kongressi chegara xavfsizligi masalasida murosa izlamoqda. Agar 15-fevralgacha kelishib olinmasa, prezident yana hukumatni yopishini yoki favqulodda holat e’lon qilishini aytgan.

“Prezident hukumat yopilishini istamaydi. Maqsad bu emas, balki Amerika xalqi xavfsizligini ta’minlash”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Sara Sanders.

So’nggi ikki yildan farqli o’laroq endi Kongressning bir palatasi demokratlar qo’lida. Prezident Tramp o’zi istagan loyihalarni ovozdan o’tkazishi qiyin.

“Kelasi ikki yilda siyosiy falajlik, Oq uyda tartibsizlik degan so’zlarni ko’p eshitamiz. Trampning saylanishida Rossiyaning roli ham tekshirilmoqda. Demokratlar ham Palatada tekshir-tekshirlarni boshlaydi”, - deydi siyosatshunos Stiv Billet.

Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvini tergov qilish doirasida, yaqinda Trampning do’sti va maslahatchisi Rojer Stounga ayblov qo’yildi. Trampga yaqin bo’lgan yana besh kishi turli jinoyatlarda ayblangan, ayrimlari qamalgan.

Rojer Stoun Trampning kampaniyasi va “Wikileaks” sayti orasida vositachi bo’lgani, bu haqda Kongressga yolg’on gapirgani da’vo qilinadi. “Wikileaks” Klintonning elektron xatlarini oshkor etib tanilgan edi.

“Meni Razvedka qo’mitasi savollariga yolg’on javoblar berganlikda ayblashyapti. Aybdor emasman. Agar javoblarimda xato ketgan bo’lsa, bu ishni qasddan qilmaganman”, - deydi Stoun.

Bu orada, Tramp mehmonxonasiga qarshi sud ishlari qo’zg’atilgan. Xorijiy mehmonlardan tushayotgan daromad poraxo’rlikka qarshi qonunlariga zid.

“Saudiya Arabistoni Tramp mehmonxonasida dabdabali tadbirlar o’tkazadi, yuzlab xonalar uchun to’laydi. AQSh konstitutsiyasi mualliflari aynan shunday holatlardan xavotirlangan. Savol shundaki, xorijiy hukumatlar sovg’alar bilan prezidentning iltifotiga erishmoqchimi?” - deydi faollardan biri Robert Vaysman.

Tramp ayblovlarni rad etadi. Uning advokatlariga ko’ra, xorijiy mehmonlar Tramp otelini tanlashining sabablari ko’p. Prezidentga yoqish uchun bu ishlar qilinayotganini sudda isbotlash qiyin.

Bu mashmashalar davom etar ekan, Prezident Tramp 5-fevral kuni ikkinchi bor xalqqa murojaat qiladi.