Donald Tramp: Amerikani zafarlar kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Trump Alabama shtatida, 17-dekabr, 2016-yil

Prezidentlikka shaylanayotgan Donald Tramp fikricha, Amerika hamon sehrli diyor va bu xalq kelajakka ishonib yashashga o'rgangan. Imkoniyatlar cheksiz, deydi u.

Oq uydagi muddati tugayotgan Prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama yaqinda bergan intervyusida "mamlakatimiz umidni boy bergan, tarqoqlashgan", deya fikr bildirgan edi.

"Davlatimizni buyuk zafar kutmoqda", - deydi Tramp Alabama shtatida omma oldida so'zlar ekan. "Yutuqlarimizdan hali hammaning og'zi ochilib qoladi", - deya qo'shadi u.

Prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama

"Hozir xalqimizning ruhi tushgan. Saylov kampaniyasi salbiy ruhda kechgani bunga asosiy sabab... Umidbaxsh o'zgarishlar qilish kerak. Umidsiz yashay olmaymiz. Yosh avlodga umid bera olmasak, nima beramiz axir?" - deya so'raydi Mishel Obama teleyulduz Opra Uinfri bilan suhbatda.

70 yoshli Tramp, multimilliarder, deydiki, prezidentning rafiqasi bugun emas, kechagi kun haqida gapirayotgan bo'lsa ajabmas.

Oq uyda Obama Trampni juda iliq kutib olgan. Ularning rafiqalari ham alohida gaplashib olgan. Biroq arboblar Amerikaning kechagi kuni, buguni va ertasi haqida bir fikrda emas.

Oq uy, 10-noyabr, 2016

Tramp yurt kezib, saylovchilar bilan uchrashib, ularga uni prezidentlikka saylagani uchun minnatdorchilik bildirmoqda va AQShni kelasi to'rt yilda nima kutayotgani haqida gapirmoqda. Tramp o'z tasavvurini tushuntirmoqda.

Yangi prezident 2017-yilning 20-yanvarida qasamyod keltiradi.

Tramp Meksika bilan cheragani baland devor bilan to'smoqchi. Amerikaning harbiy qudratini ham bir necha karra oshirmoqchi.

"Lekin mablag'ni ayab ishlatamiz", - deydi u.

Asosiy e'tibor ish o'rinlari yaratish, iqtisodni kuchaytirish, infrastrukturani yangilash, soliqlarni kamaytirish va immigratsiya tizimini isloh qilishda bo'ladi, deydi Tramp.

AQShga kirib-chiqish keskin nazorat qilinadi. Terrorizmga qarshi kurash mahalliy ravishda kuchaytiriladi, xususan musulmonlar tekshiriladi, deya eslatmoqda bo'lajak prezident.

Uning qayd etishicha, mahalliy ishlab chiqarish va mahsulotlar, mahalliy ish va manfaatlar, mahalliy talab va ta'minotga urg'u beriladi.

"Sizni boshqa unutib qo'ymaymiz. Davlat sizga va faqat sizga xizmat qiladi", - deydi Tramp jamoatchilik oldida so'zlar ekan.

Alabama shtatidan u Floridaga yo'l olgan. Yangi yilni Tramp oilasi bilan Atlantika okeani bo'yidagi qasrida kutib oladi.


Video (inglzicha)

Your browser doesn’t support HTML5

Trump Polls Those at Rally: Made in America? Or Made in USA?