Tunisda parlamentga saylovlar, dunyoviy partiya oldinda

  • Amerika Ovozi

So'nggi raqamlardan ayon bo'lishicha esa, Nidaa Tunes 80 ta o'rinni olgan. Innahda ixtiyorida taxminan 60 o'rin.

Tunisda parlament saylovlarining natijalari hisob-kitob qilinayapti. Mamlakatda yanvar oyida yangi konstitutsiya kuchga kirganidan keyin saylangan birinchi parlament bo'ladi bu. Dastlabki raqamlar bugun kechroq, tugal natijalar payshanba ma'lum bo'ladi. Bu orada, dunyoviy partiya - Nidaa Tunes g'alaba qililganini aytmoqda.

So'rovlarda islomiy Innahda partiyasi va Nida Tunes 217 o'rinlik parlamentda ko'pchilik o'rinni olishi taxmin qilingan edi. So'nggi raqamlardan ayon bo'lishicha esa, Nidaa Tunes 80 ta o'rinni olgan. Innahda ixtiyorida taxminan 60 o'rin.

Saylovda qariyb 90 ta partiya o'zaro bellashdi. Bu 2011-yilda avtokrat rahbar Zaynobiddin bin Alini hukumatdan ag'dargan Tunis uchun demokratik yutuqlardan biri deya ko'rilmoqda.

Innahda partiyasi inqilobdan keyingi dastlabki saylovlarda ustunlikni qo'lga kiritgan edi. Uning rahbari Rashid Gannuchi yakshanba kungi saylovni tarixiy jarayon deya olqishladi.

Amerika Prezidenti Barak Obama ham saylovni tunisliklar uchun siyosiy g'alaba, tarixiy voqea deya ta'rifladi. Tunis xalqi butun mintaqa va dunyoni ruhlantirib kelayapti, deydi Oq uy rahbari.

Qo'shni davlatlardan farqli "arab bahori" oqibatida avtokrat rahbaridan qutulgan Tunisda vaziyat nisbatan tinch, siyosiy jarayonlar osuda o'tayapti.

Lekin inqilobdan keyin islohotlar sekin kechayotgani, iqtisodiy ahvol og'ir va ish o'rinlari oz ekanidan norozilik ham yo'q emas. Tunisda prezident saylovlari noyabr oxiriga rejalangan.