Tunisdagi bu kiber-qo’zg’olon arab dunyosida takrorlanishi mumkinmi?
Buni Yasmin inqilobi deyishmoqda. Boshqalar Facebook qo’zg’oloni deydi.
Avtokratik prezident Zin al-Abidin Ben Ali uzoq yillar hukmron bo’lgan Tunisda g’alayonni qo’zg’atgan internet, bloglar, Twitter edi.
Bir necha hafta ommani qizdirib turgan global tarmoq nihoyat juma kuni prezidentni taxtdan ag’dardi.
Tunisliklar kiberdunyo qudratli qurol ekaniga ishonadi. 27 yoshli Marun Gara telekommunikatsiya sohasida ishlaydi.
“Bu internet qo’zg’oloni edi”, - deydi u. “Bloggerlar Tunisda ildiz otgan senzurani yenga oldi. Bu davlat fuqarolari demokratiya, erkinlikka tashna ekanini dunyo ahliga yetkaza oldi”.
Ben Ali ma’muriyati internetni blokirovka qilib kelgan. Ko’p saytlar yopilib, bloggerlar qamoqqa olindi.
Lekin yoshlar internet kafelarda o’tirib, bu to’siqlarni chetlab o’tish yo’llarini topdi.
Dekabr oyida politsiya meva-sabzavot sotib kun ko’rayotgan yigitning borini musodara qilgan. Sotuvchi o’ziga o’t qo’ygach, shaharda to’polon boshlangan. Odamlar ishsizlik, qimmatchilik, korrupsiyadan norozi bo’lib, bosh ko’tardi. Bularning bari videoga olinib, internet, mobil telefonlarda paydo bo’ldi.
Tunis hukumati avvaliga global tarmoq, uyali telefonlarni to’sishga harakat qildi.
“Filtr o’rnatdi hukumat”, - deydi Saloh Dalhumiy ismli mana bu yigit. Lekin odamlar videoni yozib olib, qo’lma-qo’l tarqatgan.
Yoshlar hukumatdan aqlli, chaqqonroq chiqdi, deydi siyosiy tahlilchi Kler Spenser. “Taqiq, nazorat hech vaqt samara bermagan. Har qanday cheklovni aylanib o’tish, uni yo’q qilishga harakat bo’ladi”, - deydi u.
Kiber-xabarlar o’qday tarqalib, dunyoning turli burchaklarida yashovchi tunisliklar hushyor tortdi.
Kompyuter bo’yicha mutaxassis Muhammad Bin Xazuz Fransiyada yashaydi. Xabarlarni eshitib, darrov Tunisga qaytib, ommaviy namoyishlarga qatnashdi.
Tunisdagi manzara arab dunyosida tez-tez uchraydi. Kiber-qo’zg’olon uchun zarur hamma sharoit bor: avtoritar rahbarlar, ishsizlik, internet kafelar, o’qimishli, qiziqqon yoshlar.
“Regiondagi boshqa davlatlarda ham yaqinda inqiloblar boshlanadi demoqchi emasman”,- deydi tahlilchi Kler Spenser.
“Lekin odamlar o’zgarmoqda. O’qimishli, dunyoqarashi keng yoshlar haqqini talab qiladi. Ular soxta saylovlar, soxta siyosat va zaif iqtisodiyotga chidab o’tirmaydi”, - deb hisoblaydi olima.
Tunis hali ham notinch. Bu inqilob samara beradimi, odamlar qanday xulosa qiladi, bunisi hali qorong’u.