Islom olamidan xabarlar. 5-avgust, 2012-yil

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Xalab shahri, 3-avgust, 2012-yil

YAMAN

Kecha Yaman janubidagi Abiyan viloyatida suiqasd xuruji oqibatida kamida 35 odam o’lgan. Voqea Jaar qishlog’ida ro’y bergan. Bir necha odam jarohat olgan. Hukumat kuchlari iyun oyidagi hujumlar natijasida janubdagi bir necha shaharni al-Qoidadan tortib olishga muvaffaq bo’lgan.

“Reyter” axborot agentligi xabariga ko’ra, xuruj sodir etgan odam aholining jangarilarga qarshi hujumlarni qo’llab-quvvatlagan qismini nishonga olgan bo’lishi mumkin.

O’tgan yili Yaman sobiq prezidenti Ali Abdulla Solihga qarshi qo’zg’olondan foydalanib, al-Qoidaga aloqador jangarilar viloyat shaharlarini o’z nazoratiga olgan edi. Ammo Solihdan so’ng boshqaruvni qo’lga olgan Obid Rabbo Mansur Hadi may oyida qarshi hujumga o’tib, ayrim hududlarni jangarilardan ozod etdi.

AFG'ONISTON

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay parlamentning ikki vazirni ishdan olish qarorini ma’qulladi. Yangi vazirlar tayinlanmaguncha, ular o’z lavozimida ishlab turadi, dedi Karzay.

Gap Mudofaa vaziri Abdulrahim Vardak va Ichki ishlar vaziri Bismilloh Muhammadiy haqida ketmoqda. So’nggi paytda qator jangari xurujlari va chegaradagi hujumlardan charchagan parlament bu rasmiylarni layoqatsizlikda ayblab, ishdan olishga kecha ovoz bergan.

SURIYA

Eron matbuotiga ko’ra, rasmiy Tehron Turkiya va Qatardan kecha Damashqda o’g’irlangan 48 fuqarosini ozod etishda yordam so’ramoqda.

Eron ularning ziyoratchi ekanini aytmoqda, ammo suriyalik isyonchilar nazarida bu odamlar Eron Inqilobiy gvardiyasining jangchilaridir. Ma’lumki, Eron Assad rejimini qo’llab-quvvatlab keladi, Turkiya va Qatar esa isyonchilar tomonida.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton kelasi shanba Turkiyada bo’lib, Suriyadagi vaziyat xususida gaplashadi.

Bugun Suriyada armiya isyonchilarning shimolda Halab shahridagi pozitsiyalariga hujumlarini davom ettirdi. Shahar prezident Bashar al-Assadga qarshi salkam bir yarim yildan beri davom etayotgan isyonning eng qaynoq nuqtasiga aylangan.

TURKIYA

Turkiya qo’shinlari mamlakatning Iroq chegarasiga yaqin janubi-sharqdagi Hakkari viloyatida kurd jangarilari bilan to’qnashib, 19 kishi o’lgan, sakkiz askar va 11 isyonchi. 15 nafar zobitning yaralangani ma’lum. So’nggi haftalarda Turkiya armiyasi kurdlarga qarshi hujumlarini kuchaytirgan.

Terrorchi tashkilot deya tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi rasmiy Anqaraga qarshi 1984-yildan boshlab qo’liga qurol olganidan beri hududda 40 mingdan ziyod odam o’lgan. Isyonchilar mustaqil kurd davlati uchun kurashayotganini aytadi.