Turkiya Qora dengizda suzib ketayotgan rus kemasini Ukraina talabiga ko’ra to’xtatishga majbur bo’ldi. Kiyevga ko’ra, kema o’g’irlangan ukrain bug’doyini tashib ketayotgan bo’lgan. Kema hozir Bosfor bo’g’oziga yaqin Qorasuv portida tekshirilmoqda.
“Ukraina hali ham mustaqil davlat. Urush ketayotgan bo’lsa ham, mustaqil. Ular Turkiyadan kemalarni nazorat qilishni so’rab, qonuniy da’voni olg’a surgan. Turkiya hukumati mana shu da’vo asosida ish ko’rmoqda”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat instituti prezidenti Husayn Bog’chi.
O’tgan oy Ukrainaning Turkiyadagi elchisi Vasil Bodnar turk kompaniyalarini o’g’irlangan ukrain bug’doyini sotib olayotganlikda aybladi.
Moskva bilan muzokalardan so’ng Turkiyaga qarashli bir yuk kemasi Rossiya armiyasi nazoratiga o’tgan Mariupol portini tark etdi. Unda bug’doy yoki boshqa yuk bo’lganmi, yo’q, ma’lum emas. Biroq G’arb matbuoti Ukrainaning Rossiya nazoratidagi hududlaridan Turkiyaga bug’doy olib chiqilayotgani haqida xabar berishda davom etyapti. Anqara bu da’volarni inkor etyapti.
"Barcha da’volarni jiddiy qabul qilyapmiz va sinchkovlik bilan tergov qilyapmiz. Tergov natijalarini Ukrainaga muntazam ravishda uzatib turibmiz”, - deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li.
Anqara G’arbning Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarini qo’llab-quvvatlagani yo’q.
Iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan, inflyatsiya o’ta yuqori Turkiya yoz mavsumida rus sayyohlarini jalb qilishga zo’r bermoqda. Shu maqsadda Turkiya banklari xalqaro kredit karta sistemasidan haydalgan Rossiyaning “Mir” to’lovlar tizimiga qo’shildi.
G’arb davlatlari Turkiyaning moliyaviy sanksiyalarga qo’shilmayotganidan xavotirda.
“Turklar sanksiya siyosatiga rioya qilish ularga qimmatga tushishini bildirmoqda. Aksincha sanksiyalarni pul ishlash uchun imkoniyat deb ko’rishyapti”, - deydi londonlik moliyachi Timoti Esh.
AQSh moliya vazirining o’rinbosari Valli Adeyemo iyun oyida Anqarada bo’lib, mahalliy rasmiylarni Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi. Tahlilchilarga ko’ra, Turkiya o’jarlik qilsa, o’zi ham Vashington sanksiyalariga uchrashi mumkin. Shunday bo’lsa, deydi Anqara, Turkiyaning Kiyev va Moskva o’rtasidagi vositachilik harakatlari zarar ko’radi.
“Turkiya Rossiya bilan munosabatlarni uzmaydi va buning hisobiga Rossiya va G’arb o’rtasida strategik muvozanatni ushlab turibdi degan taxmin bor. Turkiya Qora dengizda geosiyosiy jihatdan muhim bo’lgani uchun, bo’g’ozlarni nazorat qilgani uchun G’arbda unga sabr qilishyapti”, - deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashidan Asli Oydintoshbosh.