Armaniston Turkiyaning ta'ziyasini qabul qilmadi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anning Parlamentdagi chiqishi olqish bilan kutib olinmoqda, 23-aprel, 2014-yil.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning Birinchi Jahon urushi davrida Usmoniylar qo’lida halok bo’lgan armanlar yaqinlariga ta’ziya bildirishi xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy kutib olindi. Ammo buni Anqaraning siyosiy hiylasi deya talqin qilayotganlar ham bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya ta'ziyanomasi, Behzod Muhammadiy

Toyib Erdog’an o’z hamdardligini dunyo armanlari 1915-yil usmonli turklar tomonidan qatl etilgan millatdoshlarining 99 yillik xotirasini o’tkazishidan bir kun avval ma’lum qildi. Turk, arman va yana yetti tilda e’lon qilingan ta’ziyanomada halok bo’lganlarning yaqinlariga Turkiya nomidan hamdardlik bildirilgan.

Ushbu bayonot kutilmagan ijobiy qadam sifatida baholandi. Ammo Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar instituti tahlilchisi Sinan Ulgen fikricha, bu harakat orqali Erdog’an kattaroq maqsadlarni ko’zlayotgan bo’lishi mumkin.

“Bu Tashqi ishlar vazirligi tomondan tayyorlangan reja asosida amalga oshirildi. Bosh vazirdan chiqqan tashabbus emasligi aniq. Armaniston masalasida Turkiya qiyofasini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan strategiyaning bir qismi. Yaqinda shu maqsadda boshqa ishlar ham amalga oshiriladi”, - deydi u.

Armaniston prezidenti Serj Sargsyan Anqara ta’ziyanomasini rad etib, Turkiyani Birinchi Jahon urushi davrida armanlarning ommaviy ravishda qatl etilganini tan olmaslikda ayblaydi.

Qatliomda bir yarim millionga yaqin odam o’ldirilgan. Armaniston bu hodisaning Turkiya tomonidan rasman qatliom sifatida tan olinishini talab qilib keladi. Anqara buni inkor etib, urush davrida janglarda va ochlik natijasida 500 mingga yaqin arman halok bo’lganini aytadi.

Turkiya aholisi orasida ham armanlar o’limining qatliom sifatida e’tirof etilishiga qarshilar ko’p.

Istanbuldagi Siyosat markazi tahlilchisi Chingiz Aqtarning aytishicha, prezidentlik saylovi yaqinlashayotgan bir paytda Erdog’an Armaniston masalasida ko’p yon bosmaslikka harakat qiladi.

“Prezidentlikka da’vogarlikni ko’zlab turgan bir paytda Erdog’an ta’ziyadan ortiq yon bosishga bormaydi. U bundan nariga o’ta olmas ekan, Turkiya va Armaniston munosabatlarida hech qanday o’zgarish bo’lmaydi”, - deydi u.

Arman diasporasining yetakchi vakillari Erdog’anni o’zaro aloqalarni iliqlashtirish o’rniga, genotsidni tan olmaslik siyosatini tutganlikda ayblaydi.

Anqara bunday iddaolarni inkor etib, Erdog’an ichki va tashqi siyosatda aloqalarni yaxshilash yo’lidan borayotganini ta’kidlaydi. Mamlakatning oz sonli armanlar jamiyati vakillari ham shunday fikrda.

Tahlilchi Ulgenga ko’ra, Armaniston bilan aloqalar qanday bo’lishidan qat’i nazar, ta’ziya izhor qilish orqali Anqara allaqachon diplomatik muvaffaqiyatga erishdi.

“Bayonot mamlakat ichida va tashqarida ijobiy qabul qilinganini hisobga oladigan bo’lsak, hukumat ustidan tanqidlar ko’paygan bir paytda u hukumat va bosh vazirning obro’sini yaxshilashga xizmat qildi”, - deydi Ulgen.

Erdog’an, shuningdek, 1915-yil voqealarini har ikki mamlakat tadqiqotchilari birgalikda o’rganib chiqishini taklif qilmoqda. Ammo bu tashabbusning amalga oshish yoki oshmasligi hali ma’lum emas.