Ozarbayjon o’z neftini Turkiyaning Jayhun porti orqali Isroilga yuborishda davom etarkan, turk ahli bunga norozilik bildirmoqda. Ozarbayjon G’azodagi harbiy harakatlarga qaramay, ittifoqdoshi Isroilning neftga bo’lgan ehtiyojlarining 40 foizini qoplamoqda.
“Ozarbayjon va Isroil o’rtasida savdo to’xtagani yo’q. Ozarbayjon bir yil oldin Isroilda elchixona ochganidan beri savdo hatto kengaygan. Isroil Ozarbayjondan neftni, Ozarbayjon esa Isroildan qurollarni Turkiya orqali olmoqda”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.
Turkiyaning Isroil bilan savdosidan g’azablangan xalq mart oyidagi mahalliy saylovlarda Prezident Rajab Toyib Erdog’anning partiyasidan yuz o’girdi, muxolifat g’alaba qozondi. Iqtisodiy inqiroz ham Erdog’anga bo’lgan ishonchga putur yetkazdi.
“Iqtisodiy inqiroz bo’lmaganida ham aholi Turkiyaning Isroil bilan savdosidan qattiq tashvishlanmagan bo’lardi. Iqtisodiy inqiroz ko’p odamlar, ayniqsa “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlarining ko’zini ochgandek bo’ldi. Ular hukumatni tanqid qilishga kirishdi”, - deydi “PolitikYol” sharhlovchisi Sezin O’ney.
Saylovdagi mag’lubiyati ketidan Erdog’an Isroil bilan savdoni to’xtatdi, biroq Turkiyaning eng yaqin ittifoqchisi Ozarbayjon bunday qilgani yo’q.
Kuzatuvchilar Erdog’an Turkiyaga katta sarmoya qilayotgan Ozarbayjon davlat energetika kompaniyasi va Prezident Ilhom Aliyevga bu masalada o’z so’zini o’tkaza olmasligini aytmoqda.
“Ozari-Isroil aloqalari kuchaymoqda. Qaysidir ma’noda bu munosabatlarni Eronga qarshi qo’rg’on desa bo’ladi. Ozarbayjon ham G’azoda Isroil hujumlari natijasida bo’layotgan voqealardan xursand bo’lmasa-da, Erdog’andan bu kabi keskin chora ko’rishni istashmagan bo’lardi”, - deydi London energetika klubi tahlilchisi Mehmet O’gutchu.
Ozarbayjon neftining Isroilga eksportiga qarshi namoyishlar Turkiyada kuzatilmoqda. Politsiya tashkilotchilarni qo’lga olayotgani kattaroq namoyishlarga turtki bermoqda. Tahlilchilar nazarida, bu Erdog'anning Isroilga qarshi kurashda faol ekani haqidagi da'volarini puchga chiqarmoqda.
“Turkiya hukumati Isroil bilan savdo to’xtatilganini bildirgani bilan savdo boshqa yo’llar orqali davom etmoqda. Nazarimda, Ozarbayjon kompaniyalari yoki Ozarbayjon, Aliyev yoki Ozarbayjon ichidagi boshqa doiralardan ko'ra haqiqiy aybdor ko'proq Turkiya hukumati bo'ladi, namoyishchilar va xususan, Erdog’anning konservativ saylovchilari hukumatni javobgar deb biladi”, - deydi O’ney.