Turkiya shimoli-g'arbidagi viloyatda qatorasiga qurilgan yuzlab hashamatli uylarga ko'zingiz tushadi. Chet ellik xaridorlar uchun qurilgan bu xonadonlar bo'm-bo'sh. Mintaqadagi beqarorlik hamda Turkiya iqtisodiyoti pastga qarab sho'ng'iyotgani bu yirik loyihaning beliga tepgan. Ayniqsa, qurilish sektorida ishlar pachava.
Uzoq vaqt barqaror o'sib kelgan Turkiya iqtisodiyoti uchinchi chorakda 1,1 foizga qisqardi va inqiroz yoqasida turibdi, deydi iqtisodchilar.
2018-yilda lira qiymati dollarga nisbatan 28 foizga tushib ketdi. Investorlar Prezident Rajab Toyib Erdog'an nazorati ostidagi hukumat asosiy iqtisodiy masalalarni yechishga tayyorligiga ishonmaydi.
700 dan ziyod villalar va savdo markazini qurish loyihasini "Sarot Group" kompaniyasi 2014-yilda boshlagan edi, hozirda to'xtab qolgan. Kompaniya bankrotlikdan himoya qilishni so'rab, sudga murojaat qilgan. Yuzlab boshqa turk shirkatlari ham shu ahvolda.
Har bir villa narxi 400-500 ming dollar atrofida. Fors ko'rfazi davlatlaridan yirik xaridorlar xarid shartnomalariga qo'l qo'ygan bo'lsa ham, ayrimlari to'lay olmadi, deydi "Sarot Group" kompaniyasi rahbari o'rinbosari Mezher Yerdelen. Qurilishga allaqachon 100 million dollar sarflangan.
Bitmay qolgan obyektlar va bo'sh uy-joylar bugun Turkiya bo'ylab keng tarqalgani iqtisodiyotdagi, xususan, qurilish sektoridagi muammolardan darak beradi.
"Bankrotlikdan himoya so'rayotganlarning har to'rttadan uchtasi qurilish kompaniyalari", - deydi Izmir Universiteti professori Alper Duman.
Uning aytishicha, so'nggi 16 yil mobaynida qurilgan 10,5 million kvartiradan 8 millioni xaridor topgan. Ko'chmas mulk bozorida taklif talabdan oshib ketgani ayon.
Tijorat vaziri Ruxsor Pekjan so'zlariga ko'ra, 2018-yilning martidan beri 846 kompaniya kasodga uchragan. "Sozchu" muxolif nashri esa bu raqam uch mingdan oshiq ekani haqida yozadi.
Turkiyadagi ko'chmas mulk bozorini yaqindan kuzatuvchi Karim Alain Bertrand vaziyatga optimistik ruhda qaraydi, chunki mamlakatda aholi soni o'sib bormoqda.
"Qurilish sanoati - iqtisodiyot lokomotivi", - deydi u.
Bertrand fikricha, sektor yosh xaridorlar yordamida o'zini tiklab oladi. 2017-yilda Turkiyada aholining o'rtacha yoshi 31,7 bo'lsa, Yevropa Ittifoqida 42,8 deb qayd etilgan.