Xitoy e’tirozidan so’ng Turkiya uyg’ur namoyishchilarga qarshi chora ko’rdi

  • Amerika Ovozi

Turkiya uyg’ur xalqining himoyachisi, Xitoyni Shinjon muxtoriyatidagi qattiqqo’l siyosatdan voz kechishga chaqirayotgan davlatlardan biri bo’lib kelgan. 2009-yilda bosh vazir bo’lgan Rajab Toyib Erdog’an Pekin siyosatini genotsid deb atagan edi.

Ammo so’nggi yillarda Turkiya mulozimlari Xitoyni ochiq tanqid qilishni to’xtatgan va Turkiyadagi uyg’ur faollariga qarshi chora ko’ra boshlagan.

Buni ham ko'ring Turkiyadagi uyg'urlar Sharqiy Turkistondagi yaqinlaridan xavotirda

Bedarak ketgan yaqinlarini qidirayotgan uyg’urlar Xitoyning Istanbuldagi konsulligi oldida bir necha oydan beri namoyish qilayotgan edi. Xavfsizlik va COVID-19 bilan bog’liq xavotirlar sabab yanvarda politsiya namoyishlarni man etdi.

Shundan so’ng ayrim faollar, jumladan, Istanbulda 2011-yildan beri yashab kelayotgan Javlon Shermamat, Xitoyning Anqaradagi elchixonasi qarshisida aksiyalar o’tkaza boshladi.

Uning Xitoy hukumatida ishlagan onasi, Surayo Tursun, “qayta tarbiyalash lageriga” jo’natilgandan keyin u bilan aloqa uzilgan.

“Onam bedarak ketganidan so’ng u bilan bog’lanish uchun yordam so’rab 2019-yilda Xitoy elchixonasiga murojaat qildim, lekin javob berishmayapti”, - deydi Shermamat.

Yaqinda Turkiya politsiyasi u va boshqa faollarni besh soat ushlab turib, diplomatik idora oldida namoyish qilmaslik sharti bilan qo’yib yuborgan.

“To’rt kishini, jumladan, meni ham hibsga olib, mashinada ushlab turishdi, politsiya idorasida qog’ozlarga qo’l qo’ydirib, mehmonxonamizda qoldirishdi”.

Faollar ushlanishi oldidan Xitoy elchixonasi "Twitter" sahifasida namoyishchilar yolg'on ma'lumotlar tarqatayotganini da'vo qilgan edi.

Genotsid

22-fevral kuni Kanada AQSh ketidan Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini genotsid deb e’lon qilgan ikkinchi mamlakatda aylandi. 25-fevralda esa Niderlandiya parlamenti ham shu ma’nodagi hujjatni tasdiqladi.

Rajab Toyib Erdog’an Pekinning xatti-harakatlarini 10 yil oldin genotsid deb baholagan bo’lsa-da, Turkiya hukumati bu masalada rasman o’z fikrini bildirganicha yo’q.

Jahon uyg’urlari kongressiga ko’ra, Turkiyada 45 ming uyg’ur qochqin yashaydi. Jamoa a’zolari genotsid to’g’risidagi xalqaro bayonotlardan ruhlanganini aytib, Anqarani dadilroq bo’lishga undamoqda.

Istanbulda istiqomat qiluvchi 20 yoshli uyg’ur faoli Mag’firat Ablimit yaqinlari hayotini saqlab qolish uchun namoyishlarda qatnashadi. Akam va ikki amakim, deydi u, Shinjondagi “konsentrasion lagerda” saqlanmoqda. Buvisi Saudiya Arabistoniga haj safaridan so’ng ushlanib, lagerga yuborilgan va 2019-yilda 63 yoshida vafot etgan.

“Qarindoshlarimning jinoyati bizni ko’rishga Turkiyaga kelgani yoki diniy ziyoratga borgani edi”, - deydi u.

Turkiyaning namoyishlarga munosabati

Xitoy hukumatiga ko’ra, uyg’ur aholi mamlakatda hamma qatori teng huquqlarga ega va Shinjondagi choralar “terrorizm, ekstremizm va separatizmga” qarshi kurashga qaratilgan.

Xitoyning Anqaradagi elchixonasi vakilining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “shinjonlik vatandoshlarga” qarindoshlari bilan aloqaga chiqish uchun ko’mak ko’rsatilyapti. Elchixonaga ko’ra, namoyishchilar Xitoyni badnom qilishga urinyapti.

“Yaqin atrofda namoyishlar bo’lganda Turkiya politsiyasi Xitoy elchixonasi va konsulligini himoya qilish va tartibni saqlashga mas’ul”, - deydi Xitoy elchixonasi so’zlovchisi.

Turkiya rasmiylari namoyishchilarning ayrim da’volariga ochiqchasiga shubha bildirishgan. 15-fevral kuni Ichki ishlar vaziri Sulayman Soylu “okean ortidan turib rejalashtirilgan xalqaro mojaro” sirtmog’iga ilinmang, dedi namoyishchilarga qarata.

Adolat va taraqqiyot partiyasi so’zlovchisi Umar Chelik deydiki, Turkiya hukumati uyg’urlarning Xitoydagi yashash sharoitidan ogoh.

Tahlilchi Mustafo Oqyo’lga ko’ra, Soylu “rejalashtirilgan xalqaro mojaro” deya, AQShga va uning Xitoy bilan raqobatiga ishora qilmoqda.

“[Turkiyaning] pozitsiyasi quyidagicha: ha, uyg’urlar ba’zi qiyinchiliklar bilan yuzlashyapti, lekin biz jimgina yordam beramiz, Amerika fitnasiga yo’liqayotgan Xitoyga qarshi turmaymiz”, - deya tushuntiradi Oqyo’l.

Iqtisodiy qaramlik

Ayrim kuzatuvchilar Turkiyaning uyg’urlar borasidagi o’zgaruvchan pozitsiyasini oqsayotgan iqtisodiyot bilan izohlaydi.

Brukings instituti tahlilchisi Kamol Kirishchi deydiki, Anqara Xitoydan sarmoya, u bilan savdo-sotiq va kreditlar iqtisodni ko’tarishda yordam beradi, deya umid qilmoqda.

“Turkiya Xitoydan COVID-19 vaksinalarini ham olmoqchi, bu qo’shimcha qaramlik keltirib chiqaradi”, - deydi u.

Suhbatdoshning aytishicha, Turkiya o’ziga ma’qul narxda vaksina olib turishi uyg’urlar masalasiga ko’z yumishni taqozo etadi.