Turkiyada komendantlik soati e’lon qilinishi sarosimaga sabab bo‘ldi

Your browser doesn’t support HTML5

10-aprel soat 24:00 dan e’tiboran Turkiyaning 31 viloyatida ikki kunlik komendantlik soati joriy etildi. Bu viloyatlar orasida Istanbul, Anqara, Izmir, Antalya kabilar bor.

Bu rejim haqida ancha kech, 10-aprel kuni taxminan 22:00 da e’lon qilindi. E’londa faqatgina 31 viloyatda ikki kunlik komendantlik soati joriy etilishi aytilandi xolos, hech qanday tafsilot berilmagandi.

Bu esa aholi o‘rtasida sarosimaga sabab bo‘ldi. Odamlar oziq-ovqat g‘amlash uchun novvoyxonalarga va do‘konlarga yugurishdi. Oqibatda tiqilinchlar kelib chiqdi, kasallikdan himoyalanish borasidagi ijtimoiy masofa degan qoida unutildi. Ba’zi joylarda navbat talashib, janjallar ham kelib chiqdi.

Komendantlik soati e’lon qilingandan keyinroq Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu tushuntirish berdi. U novvoyxonalar ikki kun davomida ishlashini, ko‘chalarda mashinalarda non olib borib sotilishini aytdi, lekin allaqachon kech bo‘lgandi, odamlar ko‘chaga chiqib bo‘lgandi.

Komendantlik soati e’lon qilinishidan avvalroq, soat kechki yetti yarimlarda Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Koja mamlakatdagi epidemiologik vaziyat haqida ma’lumot berdi.

11-aprel holatiga ko‘ra, Turkiyada koronavirus yuqtirganlar soni 47 mingdan, bu virus tufayli vafot etganlar soni 1000 nafardan oshdi.