Turkiya va Suriyada zilzilalardan o'lganlar soni 2700 dan oshdi

  • Amerika Ovozi

Bugun Turkiya va Suriyada ikkita qattiq zilzila ro’y berib, 2700 dan ortiq odam nobud bo’lgan. Qutqaruvchilar ko’plab xarobalar ostidan odamlarni chiqarishga harakat qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-fevral, 2023-yil

Zilzilalar markazi Turkiyaning Qahramonmarash viloyatiga to’g’ri kelgan. Mutaxassislar sahar soat 4 dagi birinchi zilzila kuchini 7,8, peshinda sodir bo’lgan ikkinchisinikini esa 7,7 ball atrofida baholamoqda.

Malatya, Diyorbakir viloyatlarida ham ko’plab vayronalar qayd etilgan, Hatay va Adana viloyatlarida aeroportlarga shikast yetgan, reyslar qoldirilgan.

Qurbonlarning 1651 tasi, Suriyada kamida 1073 kishi o’lgani aytilmoqda. Zilzila Suriyaning Hamo, Halab va Latakiya viloyatlarida katta vayronalarga sabab bo’lgan. Minglab binolar qulagan, qurbonlar soni oshishda davom etmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an 45 mamlakatdan yordam ko’rsatish taklifi tushganini aytdi. Xususan Britaniya qidiruv va qutqaruv ishlari bo’yicha 76 nafar mutaxassisini Turkiyaga yubormoqda, Pokiston qutqaruvchilar va gumanitar yordam ortilgan ikkita samolyot safarbar etmoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu har ikki mamlakatga yordam ko’rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Erdog’anga ta’ziya bildirib, barcha zarur yordam ko’rsatilishi haqida aytdi. Putin Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan ham gaplashib, rossiyalik qutqaruvchilar ofat zonasiga safarbar etilishini bildirdi. Xabarlarga ko’ra, Suriyaga yordam berishni Isroildan Rossiya so’ragan.

AQSh Prezidenti Jo Bayden “Twitter”dagi sahifasi orqali zilzila vayronalar va qurbonlarga sabab bo’lganidan afsusda ekanini aytib, Qo’shma Shtatlar tegishli yordam ko’rsatishini ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqi mutaxassislardan iborat 10 ta jamoani Turkiyaga jo’natmoqda.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Suriya va Turkiyaga yordam berishga tayyormiz deya, har ikki mamlakatga o’z ta’ziyasini bildirdi.

Kipr, Livan, Armanistonda ham yer silkinishi kuzatilgan.

Turkiya Ta’lim vaziri Mahmut O’zer jiddiy zarar ko’rgan 4 ta viloyatda maktablar ikki haftaga yopilganini ma’lum qildi, mamlakat bo’ylab barcha sport va madaniy tabdirlar bekor qilindi.

Turkiyada 1999-yil yer qimirlashida 17 mingdan ortiq, 1939-yilda esa 33 ming odam o’lgan edi. O’shanda ham zilzila kuchi bugungisiga o’xshash bo’lgan.